MDH davlatlari kutubxonachilari Samarqandda jam bo‘ldi
Poytaxtimizda 19-20 may kunlari “Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi” mavzusidagi XVI xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bugun konferensiya ishtirokchilari Samarqand shahriga keldi.
Mehmonlar dastlab Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib, kutubxona faoliyati, xodimlari bilan yaqindan tanishdi, bu yerda yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar, saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, nodir adabiyotlarni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun kutubxonaning o‘zida “Xalqaro o‘zaro ta’sir: o‘qish madaniyatini rivojlantirishda hamkorlikning yangi imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati ham tashkil etildi. MDH davlatlaridan kelgan mutaxassislar kitoblarni saqlash, kutubxona faoliyatini yanada kengaytirish, kitobxonlar sonini oshirish borasida tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Kutubxona faoliyatiga oid ma’lumotlar slaydlar orqali yetkazildi.
- Kutubxonachi mutaxassislarning aynan Samarqandga tashrifi bejis emas, - deydi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Shahodat Ahmedova. – Chunki kutubxonamizda buyuk ajdodlarimizning noyob va nodir asarlari ko‘p. Mehmonlarni 15-16 asrdagi nodir qo‘lyozmalarimiz qiziqtirib qo‘ydi. Bugungi kunda bu asarlar turli tillarga tarjima qilinayotgani ularni yanada hayratlantirdi. Shu bois ham ular bilan kelgusida nodir asarlarni boshqa tillarda tarjima qilishda, qolaversa, kutubxonachilik faoliyatida hamkorlik qilishga kelishib oldik.
Shundan so‘ng ishtirokchilar Samarqand shahrining tarixiy va diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Husan Eltoyev.