Dunyo miqyosida 820 million aholi ochlikdan qiynalmoqda

Hozirda dunyo bo‘yicha 820 million kishi ochlikdan azob chekmoqda va bu raqam tobora ortib boryapti. BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, JSST va boshqa tashkilotlarning qo‘shma ma’ruzasiga ko‘ra, ochlik darajasi eng ko‘p Afrika mamlakatlarida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich qariyb 20 foizga yetgan, Lotin Amerikasi va Karib mintaqasida 7 foiz, Osiyoda 12 foizni tashkil qiladi, deb yozmoqda Human.uz.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qoladigan bo‘lsa, 2030 yilga qadar ochlikni tugatishning imkoni bo‘lmaydi. To‘yib ovqat yemaslikning asosiy sabablari — bu iqlim o‘zgarishi, ekstremal ob-havo sharoitlari va qurolli nizolar hisoblanadi. Ochlik shuningdek, ijtimoiy tengsizlik o‘sayotgan mamlakatlarda ham o‘smoqda. Aholining eng zaif guruhlari vakillariga qashshoqlikdan qutulish va iqtisodiy inqiroz oqibatlaridan o‘ziga kelish tobora qiyinlashmoqda.

O‘tgan 201 yil davomida 20,5 millionga yaqin bola past vazn bilan tug‘ilgan. Shu bilan bir paytda, o‘sish sekinlashuvidan aziyat chekayotgan bolalar soni olti yil ichida 10 foizga qisqardi.

Bir vaqtning o‘zida dunyoning barcha mintaqalarida ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan odamlar soni ham to‘laqonli ovqatlanmaslik bilan bog‘lanadi. 2016 yil dunyo bo‘yicha katta yoshdagi 2 milliard kishi ortiqcha vaznga ega bo‘lgan.

Hujjatda aytilishicha, 1,3 milliard kishida, ya’ni jahon aholisining 17 foizdan ortig‘ida to‘laqonli ovkatlanish imkoni yo‘q. «Bu odamlar ochlikdan qiynalmaydi, lekin shunga qaramay, to‘yib ovqatlanmaydi va shu sababli ularda salomatlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin», — deyiladi ma’ruzada.