Dunyo okeanlarida suzgan o‘zbek kemalarini bilasizmi?
"Titanik", "Britanik", "Avrora". Ko‘pchiligimiz bu mashhur kemalar haqida yaxshi bilamiz. Odatda mashhur kemalarning arxitektori, davlati yoki qaysi kompaniyaga tegishli ekanidan ko‘ra, uning nomi mashhur bo‘ladi.
Davlatlar qudratli kemalarni nomlashda shahar, mashhur kishilar ismlaridan ham foydalanishadiki, bu bilan o‘sha shahar, shaxs nomi bilan qo‘shilib, mamlakat imiji ham dunyo kezadi. Dunyoga mashhur "Qirolicha Elizabet" (Buyuk Britaniya), "Jerald Ford" (AQSh), "Sharl de Gol" (Fransiya), "Bismark" (Germaniya), "Buyuk Pyotr" (Rossiya), "Fotih" (Turkiya), "Juzeppe Garibaldi" (Italiya), "Buyuk Sejon" (Janubiy Koreya) kemalari shular jumlasidan.
Hozirgi kunda dunyodagi eng katta kruiz kemasi "Harmony of the Seas" ("Dengizlar garmoniyasi") deb ataladi. Uning qurilishiga 1 mlrd. dollar sarflangan. O‘z bag‘riga 6300 yo‘lovchi va 2100 ekipaj a’zolarini sig‘dira oladigan 16 palubali laynerning uzunligi 362 metr (Eyfel minorasidan 50 metr uzun), kengligi 66 metr, vazni 120 ming tonna.
Yaqinda Suvaysh kanalini 6 kun davomida butkul to‘sib qo‘ygan 400 metr uzunlikdagi Ever Given konteyner tashuvchisi ham dunyoning eng katta kemalaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston o‘zi tugul qo‘shnilari ham dunyo ummoniga bevosita chiqa olmaydigan jahondagi eng yirik davlatdir. O‘zbek kemalariga dunyo ummoniga chiqishga yo‘l bo‘lsin, dersiz. Dengizimiz Orol ham deyarli quridi. Unda suzgan kemalar esa zanglab bo‘ldi.
Ilgari O‘zbekistonda Amudaryo daryosi va Orol dengizida kemalar qatnagan, yuklar va yo‘lovchilar tashilgan. 1924 yili O‘rta Osiyo suv yo‘llarida 20 ta kema, 1500 ta qayiq qatnagani aytiladi. Amudaryoda "Astraxan", "Kiyev", "Narva", "Termiz", "Xiva", "Yuriy Gagarin", "Qoraqalpoq", "Toshkent" nomli kemalar qatnagan. Hozirda esa kemalar asosan Amudaryoda harakatlanadi, xolos.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Daryo transporti bo‘limining Kemachilik inspeksiyasi ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi ichki suv yo‘llarida va suv havzalarida foydalanishda bo‘lgan jami 224 ta suv transporti vositasi (kemalar) hisobga olingan, shundan:
transport kemalari – 132 ta;
texnik kemalar – 74 ta;
yordamchi kemalar – 14 ta;
suzuvchan ponton ko‘priklar – 4 ta.
Xo‘sh, o‘zbek kemalari dunyo ummoniga chiqqanmi?
Gap shundaki, sobiq ittifoq davrida yurtimizga hurmat yuzasidan bir qancha kemalarga O‘zbekiston bilan bog‘liq nomlar berilgan va ular dunyo ummonida kezgan. SSSR va keyingi davrda boshqa mamlakatlar bayrog‘i bilan dunyo kezgan kemalarning 20 ga yaqini O‘zbekiston bilan bog‘liq. Ularning aksariyati yuk tashuvchi kemalar bo‘lgan. Quyida ulardan ba’zilari haqida ma’lumot beraman.
"Alisher Navoiy" kemasi
1969 yili Yugoslaviyaning Riyeka zavodida qurilib, shu yili Vladivostok shahrida suvga tushirilgan. 1992 yili Rossiya tarkibiga o‘tgan. 1994 yilgacha "Alisher Navoiy" nomi bilan dunyo kezgan kema shu yili Malta davlatiga sotilib, nomi "Eastern Star" deb o‘zgartirilgan. Kema 1999 yili utilizatsiya qilingan.
"Alisher Navoiy" kemasining harakat chizig‘i Vladivostok - Iokosuko - Singapur - Sidney - San-Fransisko shaharlaridan o‘tgan. Kema AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlarga yuk tashigan.
"Tabiiyki, kema bo‘sag‘asiga qadam qo‘ygan har bir chet ellik kema nomi bilan qiziqadi. Dengizchilarimiz Navoiy va uning ijodiy faoliyati haqida ularga maroq bilan hikoya qilib beradilar. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, kemaning 32 kishilik jamoasining ko‘pchiligi hozir ulug‘ adibning hayoti va faoliyati haqida xorijliklarga ingliz tilida ma’lumot bera oladi", deyiladi "Guliston" jurnalining 1990 yil, 2-sonida berilgan maqolada. "Alisher Navoiy" kemasiga tashrif buyurgan har bir kishi uning nomi bilan bog‘liq lavhalardan katta ma’lumotga ega bo‘ladilar. Har yili o‘nlab nusxada Navoiy asarlaridan kemaga yuborilmoqda. 1975 yildayoq kemada muzey hamda buyuk shoir — "Navoiy" burchagi tashkil etilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi tashabbusi bilan kemaga shoirning 10 jildlik asarlari, uning ijodi, hayot yo‘lini aks ettiradigan tadqiqot asarlari yuborildi. Chet elliklarga namoyish etish uchun "O‘zbekfilm" kinochilari tomonidan "Navoiy" filmi kemaga sovg‘a tarzida in’om qilindi. Hozir Navoiy burchagida o‘zbek klassik adabiyotining o‘zbek, rus, chet tillaridagi nodir asarlari, tantanalar munosabati bilan tayyorlangan jildlar kitob va risolalar, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar alohida ko‘rgazmadan o‘rin olgan. Kiraverishda, ko‘zga yaqqol tashlanadigan joyga esa Mir Alisher Navoiy surati o‘rnatilgan".
"Toshkent" kemasi
1914 yili AQShning Maryland Steel Co. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ikkinchi jahon urushi paytida Tinch okeani portlarida SSSR va uning ittifoqdoshlari orasida ekport-import amaliyotlarini bajargan. 1945-1966 yillarda Tinch okeanida harbiy yuklarni tashigan. 1966 yili kema SSSR dengiz floti vazirligi hisobidan chiqarilib, KXDRga berilgan.
"Buxoro" kemasi
1965 yili Polshaning Gdansk shahrida ishlab chiqarilgan. Vladivostok shahrida suvga tushirilgan. Asosan dengizda yog‘och mahsulotlarini tashish bilan shug‘ullangan. 1988 yili utilizatsiya qilingan.
"Samarqand" kemasi
1986 yili Germaniyada ishlab chiqarilgan. 1996 yilgacha shu nomda jahon bo‘ylab konteyner, yengil avtomobil va avtobuslar, g‘ildirakli texnikalarni tashigan. 1992 yili SSSRdan Rossiya hisobiga o‘tgan. 1996 yili Gretsiya hisobiga o‘tib, nomi "Oasis"ga, 2004 yili Panama hisobiga o‘tib, nomi "Hyundai Hawk"ga, 2005 yili Shveysariya hisobiga o‘tib, nomi "Ocean Wave I"ga, 2007 yili Liberiya hisobiga o‘tib, nomi "KKG 1"ga o‘zgargan. 2011 yili utilizatsiya qilingan.
"Andijon" kemasi
1958 yili Germaniyada ishlab chiqarilgan. 1985 yilgacha shu nom bilan harakatlangan. Asosan quruq yuklarni tashigan. 1985 yili Vetnam hisobiga o‘tkazilib, nomi "Song Da 02"ga o‘zgargan. 1996 yili utilizatsiya qilingan.
"Qo‘qon" kemasi
1985 yili yili Polshaning Gdansk shahrida ishlab chiqarilgan. Ummon va dengizlarda baliq tutishga mo‘ljallangan. 1992 yili Rossiya hisobiga o‘tgan. 2020 yili kema nomi "Axtiar"ga o‘zgargan.
"Marg‘ilon" kemasi
1965 yili Polshaning Gdinya shahrida ishlab chiqarilgan. 1992 yili Ukraina hisobiga o‘tgan. 1996 yili utilizatsiya qilingan. Teploxod asosan Hind va Atlantika okeanlari bo‘ylab yuk tashigan.
Marg‘ilon shahrining tarix muzeyida ushbu kemaning maketi saqlanadi. Uni kema arxitektorlari shahar hokimiyatiga sovg‘a qilishgan. Aytishlaricha, kema me’morlari 1960 yillarda Marg‘ilon shahriga kelishadi va shaharni, odamlarni yoqtirib qolishadi. So‘ng shaharga hurmat yuzasidan o‘zlari yoqtirgan shahar nomiga kemani atashadi. Kema dunyo ummoni bo‘ylab 30 yil davomida Marg‘ilon nomi bilan harakat qilgan.
"Hamza" kemasi
O‘zbek yozuvchisi Hamza Hakimzoda Niyoziy sharafiga shunday nomlangan. 1982 yili Rossiyaning Navashino shahrida ishlab chiqarilgan. 1992 yili Ukraina hisobiga o‘tkazilgan. 1999 yili Malta hisobiga o‘tkazilgach, nomi "Sagitta"ga o‘zgargan. 2012 yili utilizatsiya qilingan.
***
Shuningdek, dunyo suvlarida "O‘zbekiston", "Qoraqalpog‘iston", "Farg‘ona", "Namangan", "Urganch", "Orol", "Sadriddin Ayniy" kabi kemalar ham harakatlangan.
Kun kelar, dunyo ummonida O‘zbekistonning qudratli "Buyuk Temur", "Boburshoh" kemalari harakatlanishiga ishongim keladi.
Davronbek Tojialiyev.