Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Yamandan Isroilga raketa uchirildi

Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Ba’zi mamlakat va tashkilotlar G‘azoning muvaqqat boshqaruvchisi bo‘lishi mumkin. Erdo‘g‘on Isroilni insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. “Agar Ukraina yutqazsa, Putin NATOga qarshi chiqadi”mi? Qozog‘istonda sobiq deputat sudlanmoqda. Xitoyda maymun uch yoshli qizchani o‘g‘irlab ketdi.

🔻 Vashington G‘azo sektorini boshqarish vaqtinchalik Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida amalga oshirilishini tan oladi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken AQSh Senati tinglovida aytib o‘tdi. "Biz HAMAS G‘azoda hukmronlik qilgan holda, status-kvoga qaytishga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Shuningdek, Isroilga G‘azoni boshqarishi yoki nazorat qilishiga ruxsat bera olmaymiz”, dedi u. G‘azoliklarni qo‘llab-quvvatlagan namoyishchilar Blinkenning Kongressdagi nutqini to‘xtatib, o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilishgan.

🔻 Misr G‘azo sektori bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida o‘nlab tank va zirhli texnikalarni joylashtirdi. Mamlakat buni Falastin-Isroil mojarosi avj olgani sababli "minglab qochqinlar oqimidan qo‘rqib" amalga oshirgan. Misr va G‘azo sektori chegarasida joylashgan Rafah o‘tkazish punkti bugun anklavdagi yarador falastinliklarni qabul qilish uchun ochiladi.

🔻 Isroil armiyasi Falastinning G‘azo sektoriga besh yo‘nalishdan hujum qilmoqda. G‘azo sektori shimolida Isroil harbiylari va falastin guruhlari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar o‘tmoqda. Janglar Bayt-Xanun nazorat punkti hududida qayd etilgan. Isroil harbiy-havo kuchlarining G‘azo sektoridagi Jebaliya qochqinlar lageriga uyushtirgan zarbalari natijasida 400 kishi halok bo‘lgan va yaralangan. Shuningdek, Isroil havo hujumi oqibatida Al-Jazira teleradiokompaniyasi muhandisining to‘qqiz nafar oila a’zosi halok bo‘lgani aytilmoqda.

🔻 Kolumbiya Chiliga ergashib, Isroildan o‘z elchisini chaqirib olgan. Avvalroq Boliviya hukumati Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qilgandi.

🔻 Yaman Husiylari Isroilga urush e’lon qildi: isyonchilar birinchi zarbalarni berishgani aytilmoqda.

🔻 Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on “G‘arb va AQShdan so‘zsiz yordam olayotgan Isroil G‘azoda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etayotgani, haqiqiy davlat urush qoidalariga rioya qilinmayotgani – G‘azoda sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlar qonun oldida javob berishi kerak"ligini ta’kidladi.

🔻 "Agar Rossiya urushda Ukrainani mag‘lub eta olsa, tajovuzkor davlat to‘xtamaydi va NATOga a’zo davlatlarga qarshi chiqishi mumkin". Bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostinning Senatdagi bayonotida aytdi. Ukrainaga zarur yordam bermaslik oxir-oqibat AQSh qo‘shinlarining urushga jalb etilishi ehtimolini oshirishi mumkinmi, degan savolga: "Albatta. Agar Putin muvaffaqiyatga erishsa, u Ukrainada to‘xtamaydi. Ertami-kechmi NATOga qarshi chiqadi va biz bir-birimizga qurol qaratamiz", - deb javob berdi Ostin.

🔻 Qozog‘istonda sobiq deputat sudlanmoqda. Oktyabr oxirida boshlangan sud uni o‘ta yirik miqdorda pora olganlikda ayblaydi.

🔻 Xitoyda maymun uch yoshli qizchani o‘g‘irlab ketdi. Uning ota-onasi daraxt tagida yolg‘iz qoldirgan. Qidiruv vaqtida qizchaning ovozi qoyadan eshitilgan. Uning tirnalgan tanasida maymunning barmoq izlari topilgan.