Dunyoda chiqindichilar shahri borligidan xabardormisiz?
Misrning Qohira shahri chekkasida joylashgan Manshiyat Nosir nasroniy qurum mahallasi, shuningdek, "Chiqindichilar shahri" nomi bilan ham tanilgan. Uning aholisi qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun butun shahar bo‘ylab chiqindi yig‘ish orqasidan kun kechiradi. Bu kvartalda Misrda maxsus ijtimoiy guruh - zabbalinlar yoki chiqindi yig‘uvchilar sifatida tanilgan 40 mingga yaqin odam istiqomat qiladi.
Hudud 1969 yilda, Qohira shahar ma’muriyati barcha chiqindi yig‘uvchilarni bir joy - sharqiy Qohira yaqinidagi Salohiddin qal’asidagi Moqattam tepaliklari (arabcha: Al-Mokattam)ga jamlashga qaror qilganida paydo bo‘lgan.
Chiqindilarni to‘plash, saralash va qayta ishlash oilaviy biznes bo‘lib, mahalliy standartlar bo‘yicha bu ish bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan yaxshi daromad keltiradi. Uy-joy mulkdorlari o‘z hududidan chiqindini olib chiqish evaziga chiqindi yig‘uvchilariga muayyan haq to‘laydi. Davlat ularni hech qanday tarzda tartibga solmaydi, lekin ular faoliyatiga to‘sqinlik ham qilmaydi.
Kvartaldagi odatiy uy bir necha qavatdan iborat: birinchi qavatda chiqindilarni saralash va qadoqlash uchun katta xonalar bor, yuqori qavatlar esa turar joy sifatida foydalaniladi. Ko‘pgina uylarning tomlarida saralangan va olib chiqishga tayyor o‘ramlar saqlanadi. Ba’zi uylarda utilizatsiyaga berilmaydigan chiqindilarni yoqib yuborish uchun metall taxtasupalar o‘rnatilgan.
Oziq-ovqat chiqindilari uy hayvonlariga ozuqa sifatida ishlatiladi. Kvartal aholisi asosiy qismining o‘ziga xos faolligi hamma joyda doimiy yoqimsiz hidni keltirib chiqarsa-da, bu arxaik tizim dunyodagi eng samarali tizimlardan biri sifatida tan olingan - Zabbalenlar yig‘ilgan chiqindining 85 foizini qayta ishlaydi.
Ba’zi chiqindilarning ochiq havoda yoqilishi ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi eng yomonlaridan biri hisoblanadigan Qohira havosining yanada ifloslanishiga hissa qo‘shadi. Biroq, bu holat ulkan megapolis sharoitidagi majburiy murosadir. Chunki hatto zamonaviy standartlarga ko‘ra bunday ibtidoiy, qo‘lbola utilizatsiya shaharni toza saqlashga imkon yaratadi, bu esa u yerdagi issiq iqlim sharoiti uchun juda muhimdir.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.