Dunyoda giyohvand moddalar biznesining faollashuvi kuzatilmoqda

26 iyun  - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni

Giyohvand moddalar inson ayni kuch-quvvatga to‘lgan davrida alkogolga nisbatan 4,6 barobar tezroq halokatga uchratadi. BMT Bosh Assambleyasining 1987 yil 7 dekabrdagi qaroriga asosan 26 iyun “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilingan. Shuningdek, BMT tomonidan narkotik moddalar to‘g‘risidagi, psixotrop moddalar hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyalar qabul qilingan. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risidagi qonuni mavjud.

Picture background

Giyohvandlik o‘ta jiddiy muammolardan biri bo‘lib, uzluksiz rivojlanish maqsadlari doirasidagi amaliyotlarning bajarilishiga ham, tinchlik-totuvlik, xavfsizlik va inson huquqlari borasidagi xatti-harakatlar muvaffaqiyatiga ham to‘sqinlik qilmoqda. Giyohvandlik bilan kasallanish, avvalo, jamiyatning tinchligi, ijtimoiy-iqtisodiy holati aholi salomatligiga, nasl-nasabiga va ta’lim-tarbiyasiga rahna soladi hamda yosh avlodning jismoniy, ruhiy va ma’naviy tanazzulga uchrashiga olib kelishi mumkin. Hozirgi kunda nafaqat giyohvandlar sonining oshishi, balki giyohvand moddalar biznesining faollashuvi, xalqarolashuvi kuchaymoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvandlik aholi o‘rtasida jismoniy kasalliklar, ruhiy-nevrologik, orttirilgan immunitet infeksiyasi, V, S, D, F gepatitlari, teri-tanosil kasalliklari kabi yondosh kasalliklarning keskin o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Picture background

O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘proq qismi 30 yoshdan kichik fuqarolardir. Shuning uchun, O‘zbekiston samarali oldi sotdi qilish sifatida ham, o‘zining geografik joylashuviga ko‘ra yirik bozorlarga yo‘l sifatida ham xalqaro giyohvand biznes vakillarining e’tiborini tortishi tabiiy holatdir. Xususan, Samarqand viloyatining geografik o‘rni, rivojlangan transport infratuzilmasi, qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarining relefi, hududda yashovchi aholining qo‘shni davlat aholisi bilan ko‘plab tizimlar orqali bog‘langanligi, o‘zaro aloqalarning tobora kengayib borayotganligi giyohvand moddalar kirib kelishiga, noqonuniy aylanishi uchun qulaylik tug‘dirishi ehtimoli katta.

Markazimiz tomonidan nafaqat sana arafasida, balki yil davomida yoshlarning giyohvandlikka ruju qo‘yishining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib boriladi. Xususan, viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida rejaga ko‘ra yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, ularga giyohvand moddalar zarari bo‘yicha videofilmlar namoyish etildi. Payariq tumanida hamkor tashkilotlar bilan ommaviy yurish marafoni o‘tkazildi.

Samarqand shahridagi barcha mahallalarda keng qamrovli uchrashuvlar, dispanser nazoratidagi bemorlar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Nargiza KENJAYeVA, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat mintaqaviy filiali rahbari.

Sanjar BOYMIROV, markaz shifokori.