Dunyodagi eng katta Qur’on kitoblaridan biri Samarqandda ekanini bilasizmi?

Mazkur Qur’on hajmi va taxlanishi jihatidan Markaziy Osiyoda eng nodir nusxalardan biri hisoblanadi.

Kitob Samarqand qozikaloni Mir Nizomiddin Xoja ibn Mir Abdug‘affor Xojaning ma’lumotiga ko‘ra, hijriy 1271 yilda (milodiy 1854-1855-yillarda) Buxoro hukmdori Amir Nasrulloh buyrug‘i bilan samarqandlik kotib Mullo Hasan Samarqandiy tomonidan (suls xatida Samarqand qog‘oziga) ko‘chirilgan. Uning birinchi betida Bibixonim masjidiga vaqf qilinganligi yozilgan.

Keyinchalik Shohi Zinda majmuasiga o‘tkazilgan. Bu kitob hijriy 1298 yilda (milodiy 1881-1882 yillar)  va 1339 yilda (milodiy 1922-1923 yillarda) ta’mirlangan. Ta’mirlash ishlarida Mulla Abdurahmon Mirsolixov, Porsoxoja Tursunxojayev, rangi o‘chgan joylarini qayta yozishda mulla Sayfiddin Abdusattorovlar qatnashgan. 1939-yilda Shohi Zinda majmuasidan olinib, Samarqanddagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyiga topshirilgan. Bugungi kunda kitob muzeyning "Markaziy Osiyoda yozuvning paydo bo‘lishi" ekspozitsiyasiga qo‘yilgan. 

«Qur’on» 104x156 sm bo‘lib, 32 varaqdan iborat. Kitob unvoni (nomi) birinchi betida bo‘lib, zarhal harflar bilan ishlangan. Har bir beti bir-biriga ulangan varaqlardan iborat bo‘lib, yog‘ochdan yasalgan to‘rtburchak bo‘lmalarga mahkamlangan. Burchaklari teri bilan qoplangan.

Sh.Rustamov,

Samarqand davlat muzey

qo‘riqxonasi ilmiy xodimi.