Dunyodagi eng qimmat shaxsiy samolyotlar kimga tegishli?
Albatta, boy odamlar ko‘chmas mulk, hashamatli buyumlar va qimmat sayohatlarga millionlab pul sarflashlari xaqida eshitganmiz, biroq shaxsiy samolyot sotib olish uchun qancha pul ishlab topish kerak?
«TravelRambler» mutaxassislari dunyodagi eng qimmat shaxsiy samolyotlarni kim sotib olishi mumkinligi to‘g‘risida tadqiqot o‘tkazdi, xabar beradi «Tengritravel.kz» nashri.
Shuni ta’kidlash kerakki, samolyot sotib olish xarajatlarning faqat bir qismi, unga egalik qilish va texnik xizmat ko‘rsatish butunlay boshqa masala. Ana shunisi eng ko‘p xarajatni talab qiladi.
Roman Abramovich - 350 million dollar
Rossiyalik milliarder Roman Abramovich neft, metall va tog‘-kon kompaniyalariga sarmoya kiritib, boylik orttirgan. Xabar qilinishicha, u qiymati 350 million dollarlik «Boeing 787 Dreamliner» va boshqa shaxsiy samolyotlar kolleksiyasiga egalik qiladi. «Boeing 787 Dreamliner»da shoh o‘lchamli karavotli keng yotoqxona, marmar bilan jihozlangan bir nechta vanna xonalari va biznes tushliklar o‘tkaziladigan ovqatlanish xonalari borligi aytiladi.
Abramovichning oldingi samolyotida raketaga qarshi tizim, shuningdek, uning xavfsizlik xodimlari uchun “alohida xonalar” mavjud edi, shuning uchun ham yuqorida nomi keltirilgan Boingda bu bonuslar barchasining bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. To‘g‘risi, samolyot AQSh rasmiylari tomonidan sanksiyalar doirasida musodara qilinganligi tufayli hozircha rossiyalik milliarder parvozdan zavqlana olmayapti.
Dreyk - 185 million dollar
Kanadalik rep qo‘shiqchi Dreykning bir necha yuz yo‘lovchini sig‘dira oladigan shaxsiy Boing 767 samolyoti 185 million dollar turadi. An’anaviy salon o‘rniga u teridan tikilgan yumshoq kursilar, oshxona va bir nechta vanna xonalari bilan jihozlangan hashamatli makonga ega. Reper shaxsiy «Air Drake» Boingidan turli VIP chiqishlar va butun dunyo bo‘ylab gastrol safarlari uchun foydalanadi.
Ommaviy axborot vositalari Dreyk samolyotini nafaqat qimmatga tushishi, balki «yulduz» undan yaqin masofadagi juda qisqa parvozlar uchun ham foydalanganini muhokama qila boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, haddan tashqari isrofgar qo‘shiqchi o‘zining Boingidan 14 daqiqalik parvozlar uchun ham foydalanib, hashamati ortidan atmosferaga juda ko‘p zararli chiqindilarni chiqarishda ayblangan.
Kim Kardashyan - 150 million dollar
Aksariyat mashhurlar jamiyatni o‘z shaxsiy hayotlaridan voqif bo‘lishini istamaydi. Kim Kardashyan esa hamma kabi emas.
Ishbilarmon ayol va televideniyedagi realiti shoular yulduzi sifatida Kim Kardashyan butun hayotini onlayn translyasiya qilib, muvaffaqiyatga erishdi. 2022 yilda u o‘zining «Gulfstream G650ER» samolyotida oilaviy shou tomoshabinlari uchun telegastrollar uyushtirdi.
Kardashyan va uning jamoasi ko‘p vaqtini qo‘lida smartfon bilan o‘tkazadi, shuning uchun uning samolyotdagi har bir o‘rindiqda telefon zaryadlovchi qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Albatta, bu uning yagona maxsus iltimosi bo‘libgina qolmasdan, yulduz barcha «istaklari» uchun jami 150 million dollar sarflashiga to‘g‘ri keldi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.