Dunyodagi eng xavfli aeroportlar

Uzoq masofalarga sayyohat qilish nuqtai nazaridan havo sayohati manzilga yetib borishning eng tez va qulay yo‘lidir. Biroq xavfli aeroportlar hali ham odamlarni qo‘rqitadi. Bu aeroportlardagi bir muammo shundaki, uchish-qo‘nish yo‘laklari har doim ham mukammal tekis va ravon bo‘lmaydi. Bu uchuvchilarning, ayniqsa, tog‘dan chiqib ketadigan yoki vodiylarda joylashgan uchish-qo‘nish yo‘laklariga qo‘nish uchun mahoratli bo‘lishini talab qiladi. Bugun ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng xavfli sanaladigan aeroportlar bilan tanishamiz.

Lukla shahridagi aeroport – Nepal

2c9102cc.jpg

Bu aeroport Everestga tashrif buyuruvchilar uchun asosiy aeroport vazifasini bajaradi. Qo‘nishni qiyinlashtiradigan muammo shundaki, aeroport tog‘lar orasida joylashgan va nihoyatda qisqa uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega.

Kurshevel xalqaro aeroporti - Fransiya

ce38761c.jpg

U barcha aeroportlar ichida eng qisqa - bor-yo‘g‘i 525 metr uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega. Shuningdek, asfaltlangan yo‘lak 18,5 foiz pastki qiyalikka ega, bu esa parvozni yanada qiyinlashtiradi. Uchuvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alp tog‘larida qurilgan yo‘lakning pastiga tushishga tayyorgarlik ko‘rish uchun tor vodiydan uchib o‘tishlari kerak. Samolyotlar bu yo‘lakning oxiriga yetgunga qadar yetarli tezlikka erisha olmasa, ekipaj a’zolari faqat yaxshilikka umid qilib, jar tepasidan uchib chiqib ketishadi.

Malika Julianna xalqaro aeroporti - Sent-Marten

3b9227c2.jpg

Uchish-qo‘nish yo‘lagi oldida jamoat plyaji joylashgan. Katta samolyotlarning muvaffaqiyatli qo‘nishi uchun 2500 metrdan ko‘proq masofa talab qilinishini hisobga olsak, bu yerdagi yo‘lak bor-yo‘g‘i 2179 metrni tashkil qiladi, bu esa juda qisqa. Dastlab aeroport kichik samolyotlar uchun mo‘ljallangan edi, biroq jadal rivojlanib borayotgan sayyohlik sanoati Airbus va Boeingning A340 va 747 modellarini ham o‘ziga jalb qila oldi.

Paro aeroporti - Butan, Himolay tog‘lari

aa026bb3.jpg

550 metrli cho‘qqilar bilan o‘ralgan, uzunligi bor-yo‘g‘i 1981 metrni tashkil qiladigan ushbu uchish-qo‘nish yo‘lagiga faqat sakkizta uchuvchi qo‘nishiga ruxsat berilgan. Yirik samolyotlar tez pasayishi kerakligi sababli ko‘pchilik Paroni dunyodagi eng xavfli aeroport deb hisoblaydi.

Mak-Merdo havo stansiyasi - Antarktida

a69b04f0.jpg

Antarktidaga hamma ham bormaydi, negaki u yerda aeroport infratuzilmasi deyarli mavjud emas. Bu uchish-qo‘nish yo‘lagi unchalik qisqa emas, lekin u silliq muzdan yasalgan, bu esa qo‘nish mukammal bo‘lmasa, samolyotning qiyshayishiga olib keladi, degani. Bu yerda butun yil davomida harorat o‘rtacha noldan past, yilning ko‘p oylari har doim qorong‘u va yorug‘lik yo‘qligi sababli uchuvchilarga tungi ko‘rish ko‘zoynaklaridan foydalanib, qo‘nish o‘rgatiladi.

Narsarsuak aeroporti - Grenlandiya

3fe36dc3.jpg

Bu aeroport ham doimo muz bilan qoplangan. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 1800 metr balandlikda va silliq muz orqali o‘tadi, bu har qanday uchuvchi uchun qiyin yo‘lak hisoblanadi. Ob-havo doimo bo‘ronli bo‘lib, shiddatli turbulentlik va past ko‘rinishni keltirib chiqaradi, shuning o‘zi bu joyni ham aeroport xodimlari, ham ekipaj va yo‘lovchilarning dunyodagi eng yomon aeroport deyishiga asos bo‘la oladi. Shamolning muzli uchish-qo‘nish yo‘lagi bilan “hamkorligi” samolyotning yo‘nalishdan chiqib ketishiga olib kelishi mumkin. Yaqin atrofdagi faol vulqondan otilib chiqadigan kulning samolyot dvigateliga tiqilib qolishi ehtimoldan xoli emas.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.