Dunyodagi odamlar eng ko‘p umr ko‘radigan joylar
Abadiy yoshlik g‘oyasi ko‘p ming yillar davomida odamlarning ongini hayajonlantirib kelayotgani bor gap. Biroq, uning siri hali noma’lum. Hozircha the-challenger.ru saytidagi hamkasblarimiz sayyoramizdagi odamlar eng uzoq yashaydigan bir necha joyni aniqlashdi.
Ikariya, Gretsiya
Ikariyada odamlar demensiya (ilgari olingan bilim va amaliy ko‘nikmalarni yo‘qotish)dan deyarli aziyat chekmaydi. Aholi O‘rta yer dengizi parheziga rioya qilishadi: ular meva va sabzavot, loviya, zaytun moyini iste’mol qiladi, rayhon va ko‘plab foydali o‘tlardan qilingay choy ichadi. Qiziq tomoni, ularning ratsionida ko‘katlarning 120 ga yaqin turi mavjud bo‘lib, ularning aksariyatini boshqa mamlakatlar aholisi deyarli bilishmaydi va hatto tatib ham ko‘rmagan. Ikariyada salatlar va piroglar ham har xil ko‘katlardan tayyorlanadi. Yozuvchi va The Blue Zones (Yashil mintaqalar) kitobi muallifi Den Byutnner tomonidan olib borilgan tadqiqotlar kuniga muntazam yarim stakan ko‘kat iste’moli umr ko‘rish davomiyligini to‘rt yilga oshirishini ko‘rsatdi.
Sardiniya, Italiya
U yerda asosan cho‘ponlar boshqalarga qaraganda uzoq umr ko‘rishadi, negaki ular har kuni jismonan faoldir. Ularning ratsionida dukkakli ekinlar, yirik tortilgan undan qilingan non va tarkibida boshqa sharoblarga qaraganda ko‘proq flavonoidlari mavjud sharoblarning o‘ziga xos turi - kannonaudan iboratdir.
Nikoya, Kosta-Rika
Nikoya yarim orolining ba’zi aholisi 90 yildan ortiq umr ko‘radi. Nikoyaliklar har kuni makkajo‘xori unidan qilingan non, qora loviya, qovoq, va yil bo‘yi mavjud tropik mevalarni iste’mol qilishadi. Bu murakkab uglevodlar arzon va aminokislotalarga boy foydali oziq-ovqat. Bunday oziqlanish boshqa mamlakatlarda ekologik muammo deb qaraladigan tuproqning yemirilishi yoki hayvonlarni so‘yilishiga olib kelmaydi.
Loma-Linda, Kaliforniya
Loma-Lindadagi Amerikaning eng uzoq umr ko‘radigan asosiy aholisi – urug‘ beradigan barcha o‘simliklar va meva beradigan barcha daraxtlarni iste’mol qiladi. Ularning parhezi odatda vegetarian hisoblanadi. Asosiysi, sog‘lik, demak sigaret va spirtli ichimliklarga yo‘l yo‘q! U yerda fikrlash va hissiy dam olish vaqti - haftaning shanba kuni - majburiy dam olish kuni hisoblanadi.
Okinava orollari, Yaponiya
Bu orollarning eng ko‘p umr ko‘ruvchilari asosan ayollardir. Ular o‘simlikka asoslangan parhezga rioya qilishadi va muntazam ravishda tofu (oqsilga boy soya taomlari), xitoy achchiq qovog‘i va zanjabil iste’mol qiladi. Yapon madaniyatida hayot sifatini yaxshilaydigan boshqa muhim narsalar ham bor: masalan, ikigay – bu o‘z hayotidagi maqsadlarni belgilaydigan “umumiy maqsad uchun uchrashuv” degan ma’noni anglatadi. Ijtimoiy, moliyaviy, tibbiy yoki ma’naviy sohaga yordam berish maqsadida tuzilgan guruhlar aholining psixologik salomatligini ta’minlashga yordam beradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.