Dunyoni o‘zgartirib yuborgan tasodifiy ixtirolar
Ko‘pincha eng hayratlanarli ixtirolarning kelib chiqishi tasodifan sodir bo‘ladi. Ular kutilmagan kashfiyotlar va yangiliklarga olib keladigan holatlar yoki xatolar natijasida yuzaga kelgan. Ushbu maqolada biz tasodifan yaratilgan va dunyomizni o‘zgartirgan ajoyib ixtirolar haqida to‘xtalamiz.
Gugurt “yo‘q joydan”paydo bo‘ldi
Dunyo yaralibdiki, odamlar olov yoqishning oson usulini o‘ylab topishga harakat qilib kelgan. 1826 yilda ingliz kimyogari Jon Uoker o‘z laboratoriyasida ishlayotgan edi. U kimyoviy aralashmani isitib, vaqti-vaqti bilan tayoqchada aralashtirib turardi. Keyinchalik Uoker tayoqning uchi qatlam bilan qoplanganini aniqladi. Kimyogar uni qirib tashlamoqchi bo‘lgan edi tayoqcha uchi birdan yonib ketdi. Shundan so‘ng sinovchi mahalliy kitob do‘konida qutilarda uzunligi 7,5 santimetr, najdakli qog‘oz qo‘shib solingan “ishqalanadigan tayoqchalar” deb atalgan mahsulotini sotuvga chiqardi.
Oshpaz injiq mijoz adabini berishga qaror qildi
1853 yilda Amerikaning Saratoga-Springs kurortida joylashgan restoranga mehmon kelib, muassasaning o‘ziga xos taomi - fri kartoshkasiga buyurtma berdi. Ofitsiant unga ovqatini olib kelganida, mijoz kartoshka juda qalin qilib kesilgani va pishmaganligini aytdi. Shunda Jorj Krum ismli oshpaz unga “ko‘rsatib qo‘yishga” qaror qildi. U kartoshkani yupqa qilib kesib tashlab, yog‘da qirsilloq bo‘lguncha qovurdi va mijozga uzatdi. Ajablanarlisi, taom mijozga juda yoqib tushdi. Keyinchalik restoran menyusida yangi taom - "Saratoga chipslari" kiritildi. Retsepti juda oddiy bo‘lganligi sababli vaqt o‘tishi bilan chipslar barcha restoran va ovqatlanish joylarida paydo bo‘ldi.
Mevali muzqaymoq gazirovkali stakan edi
1904 yilda 11 yoshli bola kechqurun yotishga keta turib, ko‘chada ichida qoshiq bo‘lgan bir stakan gazlangan ichimlikni qoldirdi. Kechasi qattiq sovuq bo‘ldi, ertalab ko‘chaga chiqqan bola muzlatilgan shirinlikni ko‘rdi. U aralashmani eritmoqchi bo‘lib, stakanini iliq suv oqimi ostiga qo‘ydi. Natijada muzlagan ichimlik idishdan tayoqcha bilan birga chiqdi. 1923 yilga kelib o‘smir o‘zining "tayoqda muzlatilgan muz"ini patentladi va tez orada uni sotishni boshladi.
Vafli konusli muzqaymoq likobchalar yetishmasligi tufayli paydo bo‘ldi
Dastlab ko‘cha sotuvchilari sevimli muzqaymoqlarni shisha idishlarda sotardi. Muammo shundaki, muzqaymoq sotib olgan odam shiravorni yeb, idishni qaytarib berguncha arava yonida turishi kerak edi. Shu sababli ko‘pchilik muzqaymoqni qulayroq muhit – kafelarda o‘tirib iste’mol qilishni afzal ko‘rardi. 1904 yildagi Jahon ko‘rgazmasida taqdim etilgan vafli konusi ixtiro qilinganda hamma narsa o‘zgardi. Yarmarka maydonida muzqaymoq do‘koni bo‘lib, kunlarning birida egasining hamma likopchalari tugab qoldi. Shunda u qo‘shni do‘konda Eron vaflilari sotilayotganini ko‘rib qoldi. Vaflilar shunchalik ko‘p ediki, sotayotgan odam ularni qayerga qo‘yishni bilmay turgandi. Epchil muzqaymoqchi sotuvchi bilan kelishib, tez orada vafli konuslarda muzqaymoq qo‘yib sota boshladi. Vafli konusli muzqaymoq shu tarzda paydo bo‘lgan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.