Dunyoning 9 ta eng dahshatli halokatlari
Ilm-fan va texnika qanchalik rivojlanmasin, halokatlar har doim sodir bo‘lgan va bo‘lmoqda. Ularning ayrimlarini oldini olsa bo‘ladi, ammo dahshatli halokatlarning oldini olishning iloji yo‘q, chunki ular ona-tabiatni “xohish irodasi” bilan sodir bo‘lgan.
Eng dahshatli aviahalokat
Insoniyat tarixida 27 mart 1977 yilda Tenerif orolida sodir bo‘lgan aviahalokatdan dahshatlirog‘i mavjud emas. O‘sha kuni Los–Rodeo aeroportida ikkita “Boing–747”ning to‘qnashuvi sodir bo‘ldi, ulardan biri “KLM” aviakompaniyasiga tegishli, ikkinchisi “Pan Amerikan” aviakompaniyasiga tegishli edi. Ushbu mash’um fojia 583 kishini hayotdan olib ketdi. Bu fojianing sababi esa, falokatli va paradoksal voqealar ketma ketligi bilan bog‘liq.
O‘sha fojiali yakshanba kuni Los–Rodeo aeroportida xizmat ko‘rsatish odatdagidan tig‘iz edi. Dispetcher kuchli ispan aksenti bilan gapirardi, bundan tashqari radioaloqa ham yaxshi ishlamasdi. Shu sababli “KLM” “Boingi” kapitani parvozni to‘xtatish buyrug‘ini noto‘g‘ri tushundi, ushbu holat esa ikki yirik havo kemasini to‘qnashuviga sabab bo‘ldi.
“Pan Amerikan” havo kemasining faqat ayrim yo‘lovchilari omon qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Ikkinchi “Boing”ni qanotlari va dum qismi uzilib tushdi va voqea sodir bo‘lgan joydan yuz ellik metr uzoqlikda quladi, undan keyin yana uch yuz metr uzoqlikka sudralib ketdi. Ikkala havo kemasi ham yonib ketdi.
“KLM” “Boing”ining bortida 248 ta yo‘lovchi bor edi, ulardan birontasi ham omon qolmadi. “Pan Amerikan” havo kemasi esa, ekipaj a’zolari va mashhur aktrisa Iv Meyer bilan birgalikda, 335 kishi o‘lim topgan makonga aylandi.
Eng yirik texnogen halokat
1988 yilning 6 iyulida Shimoliy dengizda neft qazib olish tarixidagi eng dahshatli halokat sodir bo‘ldi. U 1976 yilda qurilgan “Piper Alpha” neft platformasida sodir bo‘ldi. Qurbonlar soni 167 ta, kompaniya uch yarim milliard dollarga yaqin zarar ko‘rdi.
Eng achinarlisi shundaki, qurbonlar soni ancha kam bo‘lishi mumkin edi. Dastlab ko‘p miqdorda gaz havoga chiqa boshlagan, birozdan so‘ng portlash sodir bo‘lgan. Biroq falokat boshlangandan neft oqimini to‘xtatishni o‘rniga, ishchi xodimlar boshliqlarning ko‘rsatmasini kutishgan.
Bir necha daqiqa ichida “Occidental Petroleum” korporatsiyasi platformasining hamma joyi alanga ichida qolgan, hatto ishchilar istiqomat qiladigan xonalar ham yonib ketgan. Portlash to‘lqinidan so‘ng omon qolganlar tiriklayin yonib ketishgan. Faqat suvga sakrashga ulgurganlar omon qolishgan.
Suv ustidagi eng yirik halokat
Suv ustida sodir bo‘lgan fojialar haqida so‘z borganda, beixtiyor “Titanik” filmi yodga tushadi. Biroq o‘sha kema halokati insoniyat tarixidagi eng dahshatlisi emas.
Suv ustida sodir bo‘lgan eng yirik halokat, haqqoniy tarzda nemis kemasi “Vilgelm Gustloff”ning cho‘ktirilishi hisoblanadi. Fojia 1945 yilning 30 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Fojia “aybdori” esa, o‘z ichiga 9000 yo‘lovchi sig‘dira olishga qodir bo‘lgan kemaga shikast yetkazgan, sobiq ittifoq suv osti kemasi bo‘lgan.
Ushbu kema kemasozlik sohasining mukammal mahsuloti edi, 1938 yilda qurilgan. U hech qachon cho‘kmaydigandek edi go‘yo: 9 palubadan, restoranlardan, qishki bog‘, ob-havo nazorati texnologiyasi, sport zallari, teatr, raqs maydonlari, hovuzlar, cherkov va hatto Gitler uchun xonalardan iborat edi.
Uning uzunligi ikki yuz metrdan ortiq edi, u yarim yer sharini yoqilg‘i quymasdan bosib o‘ta olardi. Bebaho ijod mahsuloti faqat tashqi kuchlar aralashuvi bilan cho‘kishi mumkin edi. Shunday bo‘ldi ham, A.I.Marinesko boshchiligidagi S–13 suv osti kemasi ekipaji tomonidan afsonaviy kemaga uchta torpeda otildi. Sanoqli daqiqalar ichida, “Vilgelm Gustloff” Boltiq dengizi suvlarining tubiga g‘arq bo‘ldi. Barcha yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ldi, ularning 8 mingtasi Dansigdan evakuatsiya qilingan nemis harbiy elitasining vakillari edi.
Eng yirik ekologik halokatlardan biri
Hamma ekologik halokatlar ichida Orol dengizining qurishi yetakchi o‘rinni egallaydi. Bir vaqtlar Orol butun dunyodagi ko‘llar ichida kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallardi. Halokat suvdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida (paxta dalalari, bog‘lar va h.) yuzaga keldi. Qurish o‘sha davr rahbarlarining o‘ylamasdan sodir etilgan, shafqatsiz siyosiy harakatlari tufayli sodir bo‘ldi.
Asta sekinlik bilan qirg‘oq chizig‘i tobora dengizga qarab uzoqlashib ketdi, bu holat ko‘pgina suv jonivorlarining qirilib ketishiga sabab bo‘ldi. Xullas, hozirgi kunda, qachonlardir hayot qaynagan ko‘m–ko‘m dengiz o‘rniga tuzli sahro paydo bo‘ldi.
Yadroviy halokat
Yadro halokatidan dahshatliroq nima bo‘lishi mumkin? Chernobil mintaqasining begonalash zonasidagi jonsiz kilometrlar bu dahshatning timsoli. Halokat 1986 yili, aprel tongida Chernobil AESning quvvat bloklaridan biri portlaganda sodir bo‘ldi.
Ushbu fojia bir necha yuzlab qutqaruvchilarning hayotiga zomin bo‘ldi, minglab odamlar keyingi o‘n yilda halok bo‘lishdi. Qanchadan qancha odamlar o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishdi...
O‘sha insonlarning farzandlari hozirgacha nogiron tug‘ilishmoqda. Atom elektrostansiyasining atrofidagi havo, yer va suv radioaktiv moddalar bilan ifloslangan. Ushbu hududning radiatsiya darajasi haligacha normadan ming daraja ko‘p. Qancha vaqtdan keyin bu hududda yana insonlar yashashi mumkinligini hech kim bilmaydi. Ushbu halokatning ko‘lami qanchaligi hozirgi kunda ham oxirigacha ma’lum emas.
2004 yil Hind okeanidagi sunami – Indoneziya, Tailand, Shri–Lanka
2004 yilning dekabrida Indoneziya, Tailand, Shri–Lanka, Hindiston va boshqa mamlakatlar qirg‘oqlarini suv osti zilzilasi oqibatida kelib chiqqan dahshatli va halokatli sunami yuvib ketdi. Ulkan to‘lqinlar aholi yashash joylarini yuvib ketdi va 200 ming odamni hayotiga zomin bo‘ldi. Eng achinarlisi, halok bo‘lganlarning ko‘pchiligini yosh bolalar tashkil qiladi.
Indoneziyaning Achex provinsiyasi eng ko‘p talofot ko‘rdi. U yerda deyarli barcha binolar vayron bo‘ldi va 168 ming odam halok bo‘ldi.
Insonlarni hayotidan, oilasidan, sog‘ligidan, uyidan, mahrum qiladigan falokatlardan qurqinchliroq narsa yo‘q. Biroq ko‘p hollarda, agar hamma ham o‘z xizmat vazifasiga vijdonan yondashgan bo‘lganida qurbonlar soni keskin kamaygan bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Ayrim hollarda evakuatsiya rejasini oldindan hisoblab chiqilmaganligi va tub aholini oldinroq ogohlantirish tizimi joriy qilinmaganligini kuzatamiz. Afsus.
“Kursk” suv osti kemasi
Bortida 118 kishi bo‘lgan Rossiya yadroviy suv osti kemasi 2000 yili Barens dengizida halokatga uchradi. Bu ko‘lami bo‘yicha RF suvosti floti tarixida B–37 dan keyingi ikkinchi yirik halokat.
12 avgust kuni rejaga muvofiq, o‘quv hujumlariga tayyorgarlik boshlandi. Oxirgi yozma tasdiqlangan harakatlar kemada 11:15 da qayd qilingan.
Fojiadan bir necha soat oldin ekipaj komandiriga shovqin haqida axborot berishgan, biroq u bu hodisaga e’tibor qilmagan. Keyin kema qattiq siltangan, bu holatni esa radar stansiyasining antennasini ishga tushishi bilan bog‘lashgan. Shundan keyin kema kapitani boshqa aloqaga chiqmagan. 23:00 da suv osti kemasidagi holat halokatli deb e’lon qilingan, bu haqida flot rahbariyatiga va Davlat rahbariga hisobot berilgan. Ertasi kuni ertalab qidiruv ishlari natijasida “Kursk” 108 metr dengiz tubidan topildi.
Fojia o‘quv torpedasining ustiga yoqilg‘i quyilishi natijasida portlashi oqibatida kelib chiqqanligi rasman e’lon qilingan.
Meksika ko‘rfazida portlagan neft platformasi
Dunyoning eng dahshatli ekologik fojialari 2010 yili Meksika ko‘rfazida, Luizianadan 80 km uzoqlikda neft platformasi portlashi natijasida sodir bo‘lgan fojia tufayli yana bittaga ko‘paydi. Bu ekologiya uchun eng xatarli texnogen halokatlardan biri edi. Bu fojia 20 aprel kuni “Deepwater Horizon” neft platformasida sodir bo‘ldi.
Quvur yorilishi oqibatida Meksika ko‘rfaziga besh million barrelga yaqin neft oqib ketdi. Ko‘rfazda ko‘rfaz maydonini besh foizini tashkil qiladigan 75000 kv. km. maydonni egallagan dog‘ hosil bo‘ldi. Fojia 11 kishini hayotiga zomin bo‘ldi, 17 kishi jarohatlandi.
1883 yilda Krakatau vulqonining otilishi
Tabiiy ofatlar, tabiat oldida biz qanchalik kuchsiz va ojiz ekanligimizni yaqqol isbotlab beradi. Biroq dunyodagi barcha halokatlar – 1883 yilda sodir bo‘lgan, Krakatau vulqoni otilishi oldida hech narsa emas.
20 may kuni Krakatau vulqoni tepasida hosil bo‘lgan ulkan tutunli uyumni ko‘rish mumkin edi. O‘sha onda hatto 160 km uzoqlikda joylashgan uylarning oynalari titrab ketdi. Yaqin atrofdagi barcha orollar qalin tutun va quyum qurshovida qoldi. Vulqon otilishi 27 avgustgacha davom etdi. So‘nggi otilish eng yuqori natijaga yetdi, uning oqibatida hosil bo‘lgan tovush to‘lqinlari Yer sharini bir necha marta aylanib chiqdi. Zond ko‘rfazida suzib yurgan kemalarning kompaslari ishdan chiqdi.
O‘sha portlashlar orolning Shimoliy qismini suv ostiga g‘arq bo‘lishiga olib keldi. Vulqon otilishi natijasida dengiz tubi bir muncha ko‘tarildi. Ko‘plab tutun va quyum bir necha yil davomida atmosferada saqlanib qoldi.
Balandligi o‘ttiz metrni tashkil qilgan sunami uch yuzga yaqin aholi yashash maskanlarini yuvib ketdi va 36000 insonni hayotdan olib ketdi.
Bekzod Musurmonov tarjimasi.