Dunyoning eng yaxshi o‘quv yurtlari qatoriga kirish uchun nima qilish kerak?

Mamlakatimizning yetakchi universitetlari, shu jumladan Samarqand davlat universitetiga 2030 yilga qadar QS (Quacquarelli Symonds) va Times Higher Education (THE) xalqaro reyting bazalarida 500 ta eng yaxshi o‘quv yurtlari qatoriga kirishdek katta maqsad qo‘yilgan. Misol uchun, so‘nggi 15-20 yil ichida ushbu yo‘nalishda olib borilgan samarali va maqsadli ishlar natijasida Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti ushbu reytingda bugungi kunda Markaziy Osiyo universitetlari uchun eng yuqori bo‘lgan 165-o‘rinni egallab turibdi.

Xo‘sh, qo‘yilgan bu ezgu maqsadga erishish osonmi? Buning uchun nima qilish, nimalarga e’tibor qaratish kerak? Keling, shu haqda fikr yuritaylik, dunyoning eng yaxshi o‘quv yurtlari qatoriga kirish uchun zarur bo‘lgan ilmiy faoliyatni muhokama qilaylik.

Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, fundamental fan ilmiy dunyoqarashni shakllantirish bilan bog‘liq eng muhim vazifani bajaradi va nafaqat insoniyatning umumiy bilimlarining asosi, balki bilimlar fondini to‘ldirish va avloddan-avlodga uzatish bo‘lgan ta’lim tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu jihatdan fundamental fanlar tomonidan olingan bilimlarsiz ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va inson faoliyatining har qanday sohasida yuqori malakali professional kadrlar tayyorlash mumkin emas. Demak, birinchi e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihat – shu.

Ikkinchidan, QS reytingida yuqori darajalarga erishish uchun muhim mezonlardan biri - “ELSEVIER” nashriyoti qoshidagi turli xalqaro reyting agentliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan SCOPUS xalqaro ilmiy-texnikaviy ma’lumotlar bazasining indekslangan ilmiy jurnallarida keyingi besh yil davomida universitet o‘qituvchi-professorlari tomonidan nashr etilgan ilmiy maqolalarning mavjudligidir. Shuningdek, xalqaro Web of Science (WoS) hamda Google scholar ma’lumotlar bazasi bibliometrik ma’lumotlarning nufuzli manbalari hisoblanadi. Xususan, astrofiziklar uchun kundalik foydalanadigan bepul ommabop ilmiy platforma ADS NASA ma’lumotlar bazasi bo‘lib, hozirda usiz o‘z ilmiy faoliyatimizni tasavvur qila olmaymiz.

Uchinchidan, so‘nggi yillarda Xirsh indeksi (h-indeks) dunyoda yosh tadqiqotchilarni katta ilmiy tashkilotda doimiy ish bilan ta’minlash masalasini hal qilishda yordamchi omillardan biri bo‘lib kelmoqda. Xirsh indeksi – bu alohida olim, bir guruh olimlar, ilmiy tashkilot yoki umuman, mamlakat mahsuldorligining miqdoriy xarakteristikalaridan biri bo‘lib, u xalqaro tahrirlanuvchi yuqori impakt faktorga ega jurnallarda chop etilgan maqolalarning iqtiboslari asosi hisoblanadi. Shuningdek, Xirsh indeksi ilmiy jamoatchilikning ko‘rsatkichi bo‘lib, mamlakat kesimida ilmiy tadqiqotlar xalqaro hamkorlikda qay darajada ishtirok etishini aks ettiradi.

Fundamental sohada muvaffaqiyatli faoliyat olib boruvchi tadqiqotchining h-indeksi kamida uning ilmiy faoliyatining davomiyligiga teng bo‘lishi butun dunyoda bir xil qabul qilingan. Masalan, 55 yoshli olim, 30 yillik ilmiy tajribaga ega ilmiy rahbar uchun ushbu indeks taxminan 30 yil bo‘lishi kerak: boshqacha aytganda, bu indeks har yili bittaga oshib borishi lozim. Biroq, ta’lim tashkilotlari – universitetlarning yetakchi olimlarining Xirsh indeksining median qiymati ushbu ko‘rsatkichga yetib bormaydi va bu tegishli vazirliklar uchun jiddiy signaldir. Buning sababini quyidagicha tushuntirish mumkin: birinchi navbatda o‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgani sababli yetakchi olimlarning raqobatdosh ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun bo‘sh vaqtlariga ega emas. Ikkinchidan, xalqaro standartlar talablariga javob beradigan tegishli eksperimental bazaning yo‘qligi va uchinchidan, ma’lum bir ilmiy sohada tadqiqotning ustuvor yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilashga imkon bermaydigan, mamlakatdan boshqa mamlakatga olimlarning o‘zaro malaka oshirishi uchun safarlari uchun mablag‘larning yetishmasligi mavjud.

Bundan tashqari, 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi SCOPUS mukofot marosimida 34 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistondek katta davlatda 20 dan baland Xirsh indeksiga ega bo‘lgan bor-yo‘g‘i 15 nafar olim borligi bu mamlakatda fundamental fanning qoniqarsiz holatda ekanini bildiradi. Mamlakatda eng ko‘p tilga olingan olimlar, SCOPUS va Web of Science vakillari tomonidan bir necha bor ta’kidlanganidek, fiziklar bo‘lishiga qaramay, biz ilmiy ko‘rsatkichlardan qoniqish hosil qilmaymiz va mamlakatdagi barcha olimlarni raqobatbardosh ilmiy mahsulotlar ishlab chiqarishga, keyinchalik xalqaro yuqori impakt faktorli jurnallarda nashr etishga chaqiramiz. O‘ylaymizki bu Web of Science yoki SCOPUS ma’lumotlar bazalari reytinglarida mamlakatimizni yuqori o‘rinlarga olib chiqadi.

Shu o‘rinda fikrlarimizni shaffoflashtiruvchi yaqqol misolni keltirmoqchiman. Quyida bizning guruhimizning mamlakatda “Relyativistik astrofizika” yo‘nalishi bo‘yicha salohiyatni aks ettiruvchi jadvali berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti nazariy astrofizika laboratoriyasining  ilmiy darajaga ega bo‘lgan hodimlarining ilmiy samaradorligi

F.I.Sh

H-indeks

(Scopus  bo‘yicha)

H-indeks (Google Scholar  bo‘yicha)

Umumiy havolalar soni

Ilk imiy ishi chop  etilgan yil

Tajribasi (yilda)

H- indeksning har bir yilda o‘rtacha o‘sish sur’ati

1

Ahmedov Bobomurat

25

31

3000

1993

28

31/28=1,1

2

Abdujabbarov Ahmadjon

21

26

1800

2009

12

26/12=2,2

3

Toshmatov Bobir

14

16

700

2014

7

16/7=2,2

4

Tursunov Arman

10

12

500

2013

8

12/8=1,5

5

Abdikamolov Askar

10

11

500

2018

3

11/3=4

6

Shaymatov Sanjar

7

8

200

2011

10

8/10=0,8

7

Atamurotov Farruh

10

10

500

2013

8

10/8=1,3

8

Mardonov Shuhrat

6

6

100

2011

10

6/10=0,6

9

Rayimbaev Djavlanbek

5

5

100

2015

5

5/5=1.0

 

O‘rtacha qiymat

12

14

900

 

 

1,6

Bizningcha, barcha universitetlarda, xususan, SamDUning har bir kafedrasi bo‘yicha ishlarning holatini tekshirish uchun ilmiy darajaga ega bo‘lgan xodimlar uchun shunday jadval tuzilsa yaxshi bo‘lar edi. Ushbu jadvalda birinchi ikkita ustundagi raqamlar SCOPUS va Google ilmiy ma’lumotlar bazasidagi Xirsh indekslarini aks ettiradi. Keyingi ustun har bir muallifning ishlariga havolalarning umumiy sonini ko‘rsatadi. Jadvalda xalqaro jurnalda muallifning birinchi maqolasi paydo bo‘lgan yilni aks ettiradigan ustun mavjud. Olimning Xirsh indeksining o‘sish sur’atlarini ko‘rsatadigan so‘nggi ustun alohida ahamiyatga ega. Xirsh indeksining eng yuqori o‘sishi – yiliga 4 birlikka oshishi Askar Abdikamolovda qayd etildi. Uning nomzodlik dissertatsiyasi institutimiz bilan tuzgan shartnomasi doirasida QS reytingida 34-o‘rinni egallagan Xitoyning Fudan universitetida tayyorlandi va muvaffaqqiyatli yoqlandi. Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz va kelajakda mamlakatning fundamental fanini rivojlantirish maqsadida yanada samarali ishlaymiz.

Bu Samarqand davlat universitetining dunyoning eng yaxshi o‘quv yurtlari qatoriga kirishi uchun talab qilinadigan bir jihat - ilmiy faoliyatni rivojlantirishda nimaga e’tibor qaratish lozimligi haqidagi fikrlarimiz. Albatta, bundan tashqari talabalarga saboq berishdagi sifat, innovatsiya, zamonaviy usullardan foydalanish va talabalar erishgan natijalar ham e’tiborli. Bu esa alohida mavzu.

Bobomurod AHMEDOV,

O‘zbekiston Respublikasi FA Astronomiya instituti nazariy astrofizika laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, akademik.

Ahmadjon ABDUJABBOROV,

FA Astronomiya va yadro fizikasi institutlari bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor.