Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyoning ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarida mahalla instituti mavjud emas

Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev Konstitutsiyamizning boshqa davlatlar konstitutsiyalaridan farqli tomonlarini sanadi.

Nuriyevga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalariga nisbatan keyinroq qabul qilingan bo‘lishiga qaramasdan, bir qator jihatlari bilan ajralib turadi.

 Birinchidan, Bosh qomusimizda gender tenglik masalasida alohida modda mavjud - 46-moddada “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deyilgan. Vaholanki, Konstitutsiyaning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinlik­larga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yilgan. Boshqa davlatlar konstitutsiyalarida ushbu umumiy norma belgilab qo‘yilgan. Biroq xotin-qizlar va erkaklar tengligini ifoda etuvchi alohida norma yo‘q.

Ikkinchidan, mahalla institutining mavjudligi boshqa davlatlar Asosiy qonunidagi farqli jihatlardan yana biridir. Jumladan, Konstitutsiyamizning 105-moddasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida mahalla institutiga alohida ta’rif berilgan.

Dunyoning ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarida mahalla instituti mavjud emas.

Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytib o‘tish lozim, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 15 oktyabrdagi Qonuni bilan Konstitutsiyamizning 105-moddasiga o‘zgartirish kiritilgandi. Unga ko‘ra, mahalla raislari va ularning maslahatchilari emas, balki faqat mahalla raislari fuqarolar yig‘ini tomonidan 3 yil muddatga (ilgari ikki yarim yil edi) saylanishi belgilandi.

Uchinchidan, oila institutiga Konstitutsiyamizda alohida bob ajratilgan bo‘lib, o‘n to‘rtinchi bob “Oila” deb ataladi va 4 ta moddani (63-66-moddalar) o‘z ichiga oladi.

AQSh, Avstriya, Fransiya, Daniya, Norvegiya, Niderlandiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida oila haqida qoida berilmagan. Ayrimlarida esa bu masala umumiy qilib bir yoki ikki moddada mustahkamlangan, xolos. Masalan, Gretsiya konstitutsiyasining 21-moddasida oila millatning saqlanishi va rivojlanishi poydevori sifatida, shuningdek, nikoh, onalik va bolalik davlatning alohida muhofazasida bo‘ladi, deb qayd etilgan. Belgiya konstitutsiyasining 22-moddasida esa qisqagina - har kim xususiy va oilaviy hayoti hurmat qilinishi huquqiga ega, deb yozilgan. Germaniya konstitutsiyasining 6-moddasida nikoh va oila alohida himoyada ekanligi qayd etilgan.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida alohida bob sifatida qayd etilgan. Har bir modda alohida ahamiyatga ega va ulardan 66-modda milliy mentalitetimizni aks ettirishi e’tirof etilgan. Unda “voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari” mustahkamlab qo‘yilgan.