DXX ijtimoiy tarmoqda chegarachi askar va fuqaro o‘rtasidagi mojaro tasvirlangan videoga munosabat bildirdi
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani chegara hududida chegarachi askar bilan fuqaroning o‘zaro bahslashganligi aks etgan video internetda tarqaldi. Bu holat yuzasidan Davlat xavfsizligi xizmati izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9 avgust kuni Yangiqo‘rg‘on tumanining «Mamay» MFY chegaraoldi hududida DXX Chegara qo‘shinlari chegara naryadi o‘z xizmat faoliyatini olib borayotgan vaqtda, hududda istiqomat qiluvchi mahalliy fuqaro J.U.ga duch keladi.
Mahalliy aholi va chegarachilar o‘rtasida sun’iy kelishmovchilikni keltirib chiqarish maqsadida, J.U. chegara naryadiga nisbatan turli tuhmat va bo‘htonlarni bildirib, o‘zining uyali aloqa vositasiga tasvirga oladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur hududda chegara buzuvchilar tomonidan bir necha bor qonun buzilish holatlari amalga oshirilib, noqonuniy ravishda narkotik va kontrabanda vositalarini olib o‘tishga harakat qilingan. Bu barcha holatlarning oldi olinib, qonunbuzarlar tegishli tartibda javobgarlikka tortilgan. Shu bois, ushbu yo‘nalishlar chegara naryadlari tomonidan muntazam tarzda nazorat qilib boriladi.
Qolaversa, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonunining 39-moddasida DXX Chegara qo‘shinlari joylarning har qanday uchastkalarida chegara naryadlarini joylashtirish hamda harakat qilish, transport vositalarini chegara naryadlari bilan kuzatib borish, transport vositalarini belgilangan tartibda ko‘zdan kechirish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu fuqaro bilan suhbat o‘tkazilgan, o‘zining amalga oshirgan xatti-harakati noto‘g‘ri ekanligini va pushaymonligini bildirgan. Hozirgi vaqtda ushbu fuqaroga nisbatan sodir etgan qilmishi uchun belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.