DXX rahbari yoshlarning takliflarini qo‘llab-quvvatladi
Avval xabar qilganimizdek, Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedovning navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida mas’ullar tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada yosh tadbirkor va hunarmandlarning ijod namunalari bilan tanishdi. Shundan so‘ng, sportning shaxmat turi bo‘yicha mahalladagi yoshlar yetakchilari o‘rtasida “DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i kubogi” bahslariga start berildi.
Musobaqa ochilishida A.Axmedov yurtimizda shaxmat rivojlanib borayotgani, respublika viloyatlari orasida Samarqanddan eng ko‘p - 8 nafar xalqaro grossmeyster yetishib chiqqani, shuningdek, viloyatda 29 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 975 nafar sportchi shaxmat bilan muntazam shug‘ullanib kelayotganini ta’kidladi va ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbir “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bilan davom etdi. Uchrashuvda Samarqand shahridagi 500 nafarga yaqin yoshlarning tadbirkorlik, ishga joylashish, sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish, kitobxonlik va kompyuter savodxonligi masalalari yuzasidan murojaat va takliflari eshitildi.
Jumladan, Samarqand shahridagi Navro‘z mahallasida yashovchi Munis Baxtiyorov mahalla yoshlari uchun sport zal qurish yoki shug‘ullanish uchun sharoit yaratib berish, Yuqori Xo‘jasoat mahallasida yashovchi Sarvinoz Nosirovaning xotin-qizlarni qandolatchilik kasbiga o‘qitish uchun katta pech so‘rab qilgan murojaati Samarqand shahar hokimligi mas’ullari tomonidan tegishli tartibda o‘rganilib, yordam ko‘rsatilishi belgilandi
Sartepa mahallasida yashovchi Tozagul Doliyeva 17 yoshli qizi Marjona Xolbekovaning ikkinchi guruh nogironi ekanligi va chet tilini o‘rganishi uchun kompyuter kerak bo‘layotganini so‘ragan bo‘lsa, Gulobod mahallasida yashovchi Jasmina kutubxona uchun 200 ta kitob kerakligi yuzasidan murojaat qildi va ularga DXX viloyat boshqarmasi tomonidan yordam berilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuvda yoshlar yetakchilari tomonidan ham murojaat va takliflar ko‘p bo‘ldi. Xususan, Gulbahor mahallasi yoshlar yetakchisi Nodira Begmatova mahallada zamonaviy stret vorkout maydonchasi qurish bo‘yicha qilgan murojaati tegishli tartibda o‘rganilib, yordam berilishi aytildi. Alisher Navoiy nomli mahalla yoshlar yetakchisi Farangiz Xudoyorova esa yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda DXX viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlashni so‘radi va taklif mutasaddilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar va shaxmat bo‘yicha “DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i kubogi” musobaqasida g‘olib bo‘lgan yoshlar yetakchilari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.