DXX Samarqandda bir qator noqonuniy yer sotish holatlarini fosh qildi
#Tezkor
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat IIB hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.
Bu tezkor tadbirlar davomida Nurobod, Jomboy va Urgut tumanlarida katta miqdorda noqonuniy yer sotish holatlari aniqlandi.
Xususan, o‘tkazilgan faol tadbir davomida Nurobod tumanida yashovchi, MChJ rahbari, 1994 yilda tug‘ilgan Q.Z. jamiyat tasarrufidagi 10 gektar lalmi yer maydonini 250 ming AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, so‘ralgan pulning 100 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.
O‘tkazilgan yana bir tadbirda Samarqand shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan A.I. ijara asosida foydalanib kelayotgan Jomboy tumani “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli 1 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 60 ming AQSh dollari evaziga hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilib, mahalliy fuqarodan 30 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Urgut tumanida yashovchi, MChJ rahbari, 1964 yilda tug‘ilgan X.A. esa jamiyatga tegishli bo‘lgan 5 sotix yer maydonini mashinalarga xizmat ko‘rsatish markazini tashkil qilish uchun 35 mln. so‘mga mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda bu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atish rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.