DXX: Samarqandda fuqarolarni AQShga yubormoqchi bo‘lgan firibgarlar qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yetkazib qo‘yishni taklif qilayotgan firibgarlar qo‘lga olindi.
Xususan, Samarqand shahrida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, “O‘zbekiston-Ispaniya-Meksika-AQSh” yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga undan 25 ming AQSh dollari talab qilgan. Buning uchun oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Samarqand tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-BAA-Meksika-AQSh” yo‘nalishi orqali Amerikaga yuborish uchun 30 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.