“Education and Job-2019” xalqaro forumi ishtirokchilari SamVMI faoliyati bilan tanishdi
Ayni kunlarda Toshkentda “Education and Job-2019” (“Ta’lim va kasb”) xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning 30 ga yaqin mamlakatlari yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etayotgan mazkur halqaro anjuman doirasidagi ko‘rgazma Samarqand shahrida ham tashkil etildi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari mamlakatimiz yoshlari - maktab bitiruvchilari va xorijda o‘qish istagida bo‘lgan yigit-qizlarga o‘zlaridagi ta’lim va kasbiy yo‘nalishlarini taqdim etishdi.
Mazkur tadbir doirasida Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga Turkiyaning Muğla Sıtkı Koçman University vakillari tashrif buyurdi. Universitetning tashqi aloqalar bo‘limi boshlig‘i, biologiya fanlari doktori Rishad Unal tashrif maqsadi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, Muğla Sıtkı Koçman University Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Kichik shahar Mug‘lada joylashgan universitet 1992 yilda faoliyatini boshlagan. Ayni kunda 45 000 nafar talabalar tahsil oladi. 21 ta fakultetdan iborat universitet tarkibida 4 ta ilmiy tadqiqot instituti faoliyat yuritadi. 2017 yilda mazkur universitetda veterinariya meditsinasi fakulteti tashkil etilgan. Universitet talabalarining 2500 nafarini xorijliklar tashkil etadi. Talabalar 500 lira miqdorida stipendiya olishlari mumkin.
Gulchehra BERDIYoROVA.