Efroim Gurman: O‘qish, o‘rganish va yangiliklarni kashf etishga tayyorlik holati o‘zbek xalqining qoniga singib ketgan

2019 yilning 16-17 oktyabr kunlari Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Milliy va global omillar (Food security: National and global challaneges)” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi xalqaro markaz (IKARDA) bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Unda AQSh, Italiya, Rossiya, Bolgariya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa chet davlatlarning nufuzli olimlari qatori AQShning “VetVittlesLLC” kompaniyasi boshqaruvi raisi, professor Efroim Gurman aholi sog‘ligini saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi hamda nosog‘lom ovqatlanish muammolari xususida o‘z ilmiy g‘oyalari, qarashlari bilan o‘rtoqlashgandi.

Yaqinda AQShning www.hvy.com sayti sharhlovchisi Megan Mixanning Efroim Gurman bilan O‘zbekistonga, shu jumladan, Samarqandga bo‘lgan safari va bundan keyin xalqaro hamkorlik qilishni davom ettirish rejalari haqida suhbatlashdi:

- Men O‘zbekistonga, Samarqandga borishni rejalashtirganimda asosiy munozarali mavzular – oziq-ovqat yetishmovchiligi, ocharchilik va shunga o‘xshash masalalar bo‘lishini kutgan edim, - deydi professor Efroim Gurman. - Amerikalik bo‘lganim uchun mening asosiy tashvishim biroz boshqacharoq edi. Ya’ni, semizlik, rivojlangan mamlakatlarda sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar. Ular meni noto‘g‘ri tushunishadi, deb qo‘rqqandim. Lekin nutqim katta hayajon bilan qabul qilindi. G‘oyamga, ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarimga bo‘lgan samimiy qiziqish, safarimdan oldin bo‘lganidan-da ko‘proq kuch va g‘ayrat baxsh etdi. Birmuncha vaqt davomida men oziq-ovqat yetishmovchiligini qoplashi kerak bo‘lgan biologik faol qo‘shimchalar ustida ish olib bordim va bu borada olgan eng muhim natijalarimni birinchi marta hamkasblarimga taqdim etdim. Konferensiyada yuqori malakali olimlar tomonidan bildirilgan ijobiy fikrlar menga hatto ushbu mavzu bo‘yicha monografiya ustida ish boshlashimga turtki berdi.

O‘zbekiston amerikaliklar uchun xavfsiz hudud. Nega?

- Birinchi navbatda, biznes va ilmdan tashqari, ushbu mamlakatning chet elliklar uchun ochiqligi meni hayratga soldi. O‘zbekiston - musulmon davlat. Menimcha, musulmon davlatlar ichida amerikaliklar xavfsiz sayohat qila oladigan davlatlar unchalik ko‘p emas. U yerda islom sivilizatsiyasining dastlabki bosqichlari bilan bog‘liq ko‘plab diqqatga sazovor joylar mavjud. Shuningdek, masjidlar bilan birgalikda cherkov va sinagogani ko‘rish mumkin. U yerdagi odamlar juda mehmondo‘st.

Biz musulmon davlatlari zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan va tadbirkorlik sohasida ortda qolgan, deb o‘ylashga odatlanib qolganmiz. Ammo bu yerda odamlarning o‘qish, o‘rganish va yangiliklarni kashf etishga tayyorlik holati o‘zbek xalqining qoniga singib ketganligini his etdim.

O‘zbekistonda qiziquvchan, savollarga javob izlovchi yoshlar ko‘p

- O‘zbekiston – yoshlar mamlakati, har yerda yoshlar va o‘smirlarni ko‘rasiz. Ularning ko‘pchiligi ma’lumot olishni xohlashadi. Aholisining aksariyati yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda ta’lim muammosi birlamchi masala bo‘ladi. Yoshlar ingliz tilida gaplasha oladi, har qanday universitet yoki kollejda abituriyentlar o‘rtasida kuchli sog‘lom raqobat mavjud. Konferensiya tashkilotchisi – Samarqand davlat universiteti bu borada katta qadamlarni tashlamoqda. Birinchidan, bu universitet dunyoning eng qadimgi universitetlaridan biri. U shahar markazida, chiroyli xiyobonda joylashgan. Universitet rahbari, professor R.Xolmurodov g‘oyalarga to‘la inson, universitetni rivojlantirishda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarning tashabbuskori. Hozirda biologiya fakulteti, umuman, universitet bilan doimiy aloqadamiz. Ta’lim va fan sohasidagi davlat dasturlarida kelgusi bir necha yil ichida SamDU ushbu sohalarda yetakchi mavqega ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Xudoyor KELDIYoROV tayyorladi.