Qanday mahsulotlar organizmda qarish jarayonini tezlashtiradi?
Kunlik tanavvul qilinayotgan taomlar inson salomatligiga ta’sir qilib, organizmning qarish jarayonini rag‘batlantirishi mumkin. Quyida ana shunday mahsulotlar ro‘yxati va ularning tanaga ta’siri xususida ma’lumot beramiz.
🍰Shakar va barcha shakarli mahsulotlar. Shirinxo‘rlar navbatdagi desert bilan o‘zlarini xursand qilayotganlarida organizmda glikatsiya jarayoni ishga tushadi va AGE va RAGE molekulalari to‘plana boshlaydi. Ular yig‘ilgan joyda yallig‘lanish jarayoni doimiy ravishda saqlanib, organlarning normal ishlashi buziladi. Shu tarzda “yoshga doir” kasalliklar boshlanadi. Glyukoza oqsillar va lipidlar bilan bog‘lanadi, bu esa terining elastikligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan kollagenga halokatli ta’sir ko‘rsatib, erta ajin tushishiga olib keladi.
🍔Trans yog‘lar. Ularning asosiy manbalari — fastfud va margarin. Bu yog‘lar qarish jarayonini tezlashtiradi. Chunki ular qon tomirlarini toraytirib, uning oqimini buzadi. Oqibatda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi sezilarli darajada ortadi.
☕️Qahva va kofeinli ichimliklar (energetiklar). Kofeinning ko‘p miqdori tana hujayralarining suvsizlanishiga, bu esa moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Energetiklarda kofeinning ta’siri natriy bilan yanada ko‘proq bo‘ladi. Terining erta qarishini oldini olish uchun har qahva ichganingizdan keyin albatta bir stakan suv ham ichish muhimdir. Energetik ichimliklardan esa butunlay voz kechgan afzal.
🥂Spirtli ichimliklar. Ularni muntazam ichish jigarga jiddiy ta’sir qiladi. Chunki alkogol ushbu filtrlovchi organda toksinlar to‘planishiga, bu esa organizmda yallig‘lanish jarayonlari boshlanishi va turli kasalliklarga olib keladi.
🍕O‘ta sho‘r mahsulotlar (pishloq, pitssa (ayniqsa pepperoni), chips, krekerlar). Tuz tanadagi suvni ushlab qoladi va bu hujayralarning qisqarishiga olib keladi. Natijada suvsizlanish yuzaga keladi. Bu esa, tabiiyki, qarish jarayonini tezlashtiradi.
🌭Qayta ishlangan go‘sht (kolbasa, sosiska va bekon). Ushbu mahsulotlarda ortiqcha tuz va konservantlar mavjud. Ularni iste’mol qilish suvsizlanishga olib keladi va yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Shuningdek, bu mahsulotlar sababli organizmda kollagen ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan S vitaminining miqdori kamayadi.
🍟Qovurilgan kartoshka. U organizmda deyarli bir zumda shakarga parchalanadi. Bundan tashqari, yuqori haroratda yog‘da qovurilgan mahsulotlar erkin radikallarni chiqaradi. Oqibatda terining hujayra darajasida shikastlanish yuzaga keladi.
📝Shuningdek, bu ro‘yxatga ustki qobig‘i och jigarrang bo‘lguncha qovurilgan yoki pechda pishirilgan barcha taomlarni qo‘shish mumkin. Bu ishtahaochar rang, yuqorida aytganimiz, glikatsiya jarayoniga bevosita bog‘liq, hattoki bu taomga shakar qo‘shilmagan bo‘lsa ham.
📌Odatda uzoq va sog‘lom umr ko‘rishni targ‘ib qiluvchi mutaxassislar tez qovurilgan yoki bug‘da pishirilgan taomlarni iste’mol qilishni tavsiya qilishadi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.