Egasiz qahramon hammaga kerak yoxud Yalangto‘sh Bahodir va Jalantos batur boshqa-boshqa shaxslar ekanligi haqida
Qozog‘istonda ayrim bovurlar Samarqand hukmdori, Registon ijodkori, o‘zbeklarning olchin urug‘i vakili bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodirni allakim, Jalantos Batur Seyitkululu degan kimsa bilan bir bilib, ko‘plab xato va chalkashliklarga yo‘l qo‘yishayotir. Achinarlisi shundaki, bu adashishlarga hatto tarixchilarimiz ham o‘z munosabatlarini bildirmay, masalaga aniq-tiniq baho berishdan tiyilib turibdi! Buning natijasida qo‘shnilarimiz qozog‘istonlik bo‘lgan Jalantos Seyitkululu degan kimsani Samarqandning XVII asridagi dongli beki Yalangto‘sh Bahodirbiy deb bilib, o‘zlarini ham, boshqalarni ham chalg‘itib kelishmoqda, Registonning asoschisi qozog‘istonlik bo‘lgan degan yolg‘on da’voni zo‘r berib targ‘ib qilishmoqda. Bu yasama, qo‘shma obrazga atab Qozog‘istonning bir qator shaharlari, jumladan, Almati, Semipalatinsk, Pavlodar, Qizil O‘rda qal’alarida haykallar tiklanmoqda, shaharlarining markaziy ko‘chalari uning nomi bilan atalib kelinmoqda.
Ikki begona shaxsni bir odam deb kelayotgan bunday da’vo qachon va kim tomonidan yaratildi? 2018 yili Qozog‘istonga Jalantos Batur bilan bog‘liq xalqaro konferensiyaga borganimda bu masalani o‘rganishga harakat qildim va qo‘yidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldim: 1920 yili Toshkentda Turkiston Respublikasi xalq maorifi komissarligi a’zosi, so‘ngra raisi bo‘lib ishlab turgan qozoq harbiy vrachi Halel Do‘smuhammedov (1883 —1939) Qizil O‘rdada yashagan Jalantos Seyitkululu degan kimsa bilan Samarqand hukmdori, Registon asoschisi bo‘lgan Yalangto‘shbiy Bahodir Olchinni birlashtirishga harakat qilgan va biz yuqorida tilga olgan chalkashlikning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan.
O‘rganishlarimiz natijasida Jalantos Batur Seyitkululu Alimulla urug‘ining To‘rtqara bo‘g‘iniga tegishli va dashti qipchoq ko‘chmanchilarning mashhur qonunlar yig‘indisi “Yetti Yo‘riq” (Jeti Jargi») qoidalar to‘plamining mualliflaridan biri bo‘lgan Aytike Biy deganning bobosi ekan. Bu Jalantosning otasi Seyitkul degan kimsa bo‘lib, u Qizil O‘rda viloyatining Kazalin tumanining obro‘li qozisi bo‘lganligi va hozirda Qozog‘istonning mazkur viloyatida Jalantosning ko‘plab avlodlari yashab kelayotganligini aniqladik. Bu shaxsning Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir bilan qanday umumiy tomonlari bor degan savolga hech ikkilanmay, HECh QANDAY BOG‘LIQLIGI YO‘Q deb bemalol aytamiz va buni quyidagicha asoslaymiz:
Birinchidan, Yalangto‘sh Bahodir Alimulla urug‘ining To‘rtqara bo‘g‘iniga emas, balki o‘zbeklarning olchin urug‘iga tegishli hukmdor bo‘lgan. Olchin urug‘i mustaqil urug‘ bo‘lib, uning qozoqlarning Alimulla yoki To‘rtqara urug‘i bilan bog‘liqlik joyi yo‘q. Yalangto‘sh o‘n yetti yoshida (1593 yil) o‘zi mansub bo‘lgan Olchin urug‘i biyi etib tayinlangan.
Ikkinchidan, barcha tarixiy va fiqhga oid manbalarda Yalangto‘shbiy Bahodirning otasi Boyxo‘ja nomi bilan keltiriladi. Boyxo‘ja Jalantosning otasi Seytkul kabi Qizil O‘rdaning obro‘li qozilaridan biri emas, balki Buxorodagi shayboniyxonning hukmdor avlodlari doirasidagi yuqori martabali amaldorlaridan biri bo‘lgan. Aynan shu sababli Yalangto‘sh shu hukmron sulola ta’siridagi muhitda ulg‘aygan.
Uchinchidan, garchand hukmdor o‘zbekcha Yalangto‘sh Bahodir nomi bilan mashhur bo‘lgan ersa-da, rasmiy manbalarda uning Abdulkarim va Nizomuddin degan arabcha nomlari ham bo‘lganligi keltiriladi. Bunday nomlar Jalantos Batur Seyitkululu bilan bog‘liq hech qaysi manbada, hatto qozoq botiri bilan bog‘liq kun ora o‘ylab topilayotgan yangi rivoyatlarda ham ma’lumot yo‘q.
To‘rtinchidan, Yalangto‘sh Bahodirxonning uch farzandi – Iqlimabonu va Oybibi ismli qizlari va otasidan 6-7 yil ilgari vafot etgan Boybek ismli o‘g‘li bo‘lgan Boybekdan hech qanday farzand qolmaganligi ma’lum. Jalantos Batur Seyitkululuning Qozog‘istonda ko‘plab avlodlari bor.
Beshinchidan, yassaviy tariqatiga amal qilgan Dashti qipchoq qozoqlaridan farqli o‘laroq Yalangto‘shbiy Naqshbandiya tariqati vakili bo‘lgan. Keyinchalik ham naqshbandiya tariqati shayxlarining faol qo‘llashlari natijasida Yalangto‘sh Bahodir muvaffaqiyatli tarzda Samarqand viloyatini boshqargan.
Oltinchidan, o‘zbek xukmdorlari orasida hech kim Yalangto‘shbiy Bahodir singari qozoq hukmdorlariga qarshi ko‘plab va muvaffaqiyatli kurashlar olib bormagan va aynan shu xizmatlari uchun tarixda nom qoldirmagan. Sharqshunos Robert Makchesning fikriga ko‘ra aynan qozoqlarga qarshi olib borgan zafarli kurashlari sharafiga uning obro‘yi ko‘tarilgan va shuning evaziga Imomqulixonning Samarqanddagi noibi etib tayinlangan. Bu urushlardagi mahorati sababli Yalangto‘sh Bahodir Buxoro xonining eng mashhur 38 o‘zbek amiri ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Yalangto‘sh Bahodirning qozoq xonlariga qarshi olib borgan g‘olibona kurashi xronologiyasi quyidagi ko‘rinishga ega:
1609 yili Yalangto‘sh Bahodir Samarqandga bostirib kelgan qozoq xoni Abulini quvib, Dashti qipchoqqa dovur haydab yuboradi.
1612 yilda Toshkent va Turkistonni qozoq biylaridan qaytarib olgani uchun Balx amiri unvoniga sazovor bo‘ladi.
1612 yili qozoq xoni Yesimxonni Toshkentdan quvib yuboradi.
1621 yili Turkistonga bostirib kelgan qozoqlar yetakchisi Tursun sulton qo‘shinini xonlik hududidan haydab chiqaradi.
1628 yili qozoq xoni Abuli sulton qo‘shinini yengib, uni Qashg‘argacha «kuzatib» qo‘yadi.
1636 yili Yalangto‘sh Bahodirxon Sayramga, qozoq xonlariga qarshi qo‘shin tortadi va ularni Dashti Qipchoqqa qadar uloqtiradi.
Tabiiyki, Yalangto‘sh Bahodir agar qozoq botiri Jalantos Batur Seyitkululu bo‘lganda edi hech qachon qozoqlar bilan hudud talashib, ularni doimiy ravishda Dashti Qipchoq taraflarga quvmagan bo‘lur edi.
Yalangto‘sh Bahodir haqidagi manbalarda uning faqat o‘zbek ekanligiga urg‘u berishgan!
A.P.Xoroshxin: Tilla-kori bilan Sherdor bundan 200 yil oldin Samarqand hokimi Yalangto‘shbiy yoki Yalangto‘sh Bahodir tomonidan Forsdagi Mashhad shahri egallanganligidan kelgan pul va boyliklar hisobiga qurilgan. YaLANGTO‘Sh ASLI O‘ZBEKLARNING OLChIN BO‘G‘INIDAN BO‘LGAN.
(Xoroshxin A. P. Sbornik statey kasayuщixsya Turkestanskogo kraya A. P. Xoroshxina.. — S.Peterburg., 1876.).
D. I. Evarnitskiy: Tilla-kori machiti (madrasasi) O‘ZBEKLARNING OLChIN URUG‘IDAN bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir tomonidan nasroniy taqvimiga ko‘ra 1618 yili qurilgan. Sherdor machiti (madrasasi) 1616 yili qurilgan, Abu Tohirxoja keltirishicha, o‘zbeklarning Olchin urug‘idan bo‘lgan, yuqorida Yalangto‘sh Bahodir deb atalgan bu bino Registonda turgan uchala machit (madrasa) dan ham eng ulug‘vori sanaladi.
D. I. Evarnitskiy. Putevoditel po Sredney Azii. Ot’ Baku do Tashkenta.. — Tashkent., 1893. — S. 73-77.
Lekin bugun ayrim qardoshlarimiz ushbu ulug‘ o‘zbek sarkardasini xuddiki general Sobir Rahimov singari qozoq millatiga mansub deb tarixiy haqiqatni buzayotganlariga munosib javob qaytarishimiz zarur. Bunda harakatsiz bo‘lib turgan tarixchilarimizni uyg‘otishimiz va qadimgi manbalardagi ma’lumotlar bilan bir yoqlama qarashlarga qarshi bo‘lishimiz darkor! O‘zbek ziyolisi shunday vaziyatlarda xalqnining koriga yaramaydimi?
Qardoshlarimizning talashib, to‘g‘ri-noto‘g‘ri tarzda bo‘lsa-da o‘z tarixlarini yaratishga bo‘lgan intilishlarida, albatta, tarixchilarimizning ham «hissa»si bor. Biz ulug‘ ajdodlarimizni qadrlay olmaganligimiz, ular haqida so‘z aytishga qo‘rqadigan bo‘lib qolganimizdan keyin qo‘shnilarimiz nima qilsin?
Qozoq bovurlarimiz birinchi bo‘lib Yalangto‘sh Bahodirning hurmatiga qator haykallar tiklab qo‘yishdi. Biz qachongacha va kimdan qo‘rqib, Amir Temurdan keyin vatanimiz uchun eng ko‘p xizmati tekkan vatandoshimizga haykal tiklashga botinolmay o‘tiraveramiz?
Turkiston hududini qozoq hukmdorlaridan, Dashti qipchoq yerlarini esa jung‘orlar bosqinidan asrab qolgan, Samarqandda yer yuzining sayqali bo‘lmish nodir tarixiy yodgorlik – Registon majmuini tiklagan va bugungacha dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan madrasalar asoschisi Yalangto‘shbiy Bahodirxon shaxsiyatiga alohida hurmat bilan e’tibor qaratish vaqti keldi.
Erkin Musurmonov,
filologiya fanlari doktori.