Ehson dasturxoni isrofgarchilikdan xoli bo‘lishi kerak
Bu oyda kimdir ibodat, yana kimdir ro‘zadorlar uchun iftorlik qilib, ajr savobiga ega bo‘lsam, marhum va marhumalarimizning ruhlarini shod etsam deydi.
Salmoni Forsiy roziyallohu anhu shunday deydilar: "Sha’bon oyining oxirgi kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizlarga xutba o‘qib, shunday dedilar: "Ey odamlar! Sizlarga eng ulug‘ va barakotli oy kelmoqda. U xayr-ehson ulashiladigan oy. Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki, bu oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan kam bo‘lmagan savob beriladi". Shunda biz: "Ey Rasululloh! hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku", dedik. Rasululloh s.a.v. "Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa, bir xo‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorni qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsardan bir qultum suv ichiradi. Natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi", dedilar.
Mazkur hadisi sharif mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, ro‘zadorga iftorlik qilib berayotgan odam uchun dasturxonning katta kichikligi emas, balki uning ko‘nglidagi niyati va ixlosi birlamchi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: "Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida-mo‘’tadildir" (Furqon surasi/67).
Ushbu oyati karima ma’nosiga amal qilib, ehson dasturxonlarimizni isrof va dabdabadan xoli o‘tkazishga harakat qilaylik. Ayniqsa, Alloh taolo yurtimizga o‘zining shunday ulkan ne’matlarini berayotgan ekan, ularning qadriga yetib, shukur qilaylik, isrofgarchilikdan tiyilaylik.
Nursultonxon ABDUMANNONOV,
Samarqand shahridagi
Damariq jome’ masjidi imom-xatibi.