Ehtiyojmand oilalarga hovlisida uy qurish va ta’mirlash uchun 120 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning uy-joylar hamda "Yangi O‘zbekiston" massivlari qurilishi bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga, "mahalla yettiligi" tavsiyasi asosida, o‘z hovlisida uy qurish va ta’mirlashga 120 million so‘mgacha ipoteka krediti ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kreditning 15 foizi va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6 foizgacha bandi byudjetdan qoplab beriladi.
Aholiga bu borada ko‘maklashishda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi muhim o‘rin tutadi. O‘tgan uch yilda uning kredit portfeli 3 trillion so‘mdan oshdi. Ushbu kompaniya ustav kapitalini 100 million dollarga yetkazish, xorijiy mablag‘lar jalb etishni kengaytirish vazifasi belgilandi.
Yig‘ilishda "Yangi O‘zbekiston" massivlarini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda hududlarda 38 ta massiv qurilishi boshlangan. Joriy yilda yana 17 ta massiv bunyod etish ko‘zda tutilgan.
Lekin ayrim joylarda kechikish holatlari bor. Masalan, Surxondaryo, Andijon, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida qurilish ishlari ortda qolmoqda.
Shu bois har bir massiv kesimida manzilli ro‘yxatni tasdiqlab, bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari bunda asosiy talablar – sifat, muddat va tannarx ekanini ta’kidladi.
Ayrim noinsof quruvchilar xaridorlar ishonchini suiiste’mol qilayotgani qayd etilar ekan, ulushdorlik asosida uy-joy barpo etishda aholini himoya qilish tizimini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, yer auksionida qatnashadigan qurilish va pudrat tashkilotlarining moliyaviy salohiyatiga minimal talablar joriy qilinishi belgilandi.