Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyatda ezgulik, mehribonlik va hamjihatlik fazilatlarini qaror topishiga xizmat qiladi
Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar partiyamizning maqsad va dasturiy vazifalariga to‘laligicha mos keladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Chunki O‘zbekiston XDP Dasturida “Har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha samarali siyosatni amalga oshirish”dan iborat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Davlat rahbari joriy yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surgani hammamizni quvontirdi.
Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash, 2025 yilda kambag‘allik yuqori bo‘lgan 1000 ta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Yangi yildan partiyamiz oldiga qo‘yilgan quyidagi masalalar ko‘tarilgani barchamizni quvontirdi:
- oilaviy bog‘cha o‘rinlarini 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinishi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab berilishi;
- kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi;
- kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitish va to‘garak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanishi;
- 2025 yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi;
- kambag‘al oilalardagi o‘zi harakatlana olmaydigan 23 ming odamning 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yo‘lga qo‘yilishi va natijada yaqiniga qarab turgan 15 ming aholining ishlashiga sharoit yaratilishi;
- 2025 yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratilishi;
- “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanishi;
- ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechilishi, ularga o‘zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat berilishi va xarajati qoplab berilishi;
- 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar o‘rnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishi, ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘lishi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushishi.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana eng dolzarb masala nogironligi borlar bilan ishlash bo‘ldi. Prezident nogironligi bor bolalar tengdoshlari qatori oddiy maktablarda o‘qishi naqadar muhim ekani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 30 taga, mablag‘i esa 1,5 barobarga oshirilishi, buning evaziga yil boshidan 100 ming odamni ehtiyoji ta’minlanishi, ro‘yxatga yana 7 turdagi vositalar qo‘shilishi belgilandi.
Qisqacha aytganda, Prezidentimiz tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy himoya sohasi partiyamiz dasturining qanchalik xalqchil ekanining yana bir bor isboti bo‘ldi. Zero, ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlash jamiyatda ezgulik, mehribonlik va hamjihatlik fazilatlarini qaror topishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati, uning tuman (shahar) kengashlari, joylardagi mahalliy kengash deputatlarimiz bilan birga barcha imkoniyatlarni safarbar etib, davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni og‘ishmay amalga oshiramiz.
Badriddin Nasriyev,
O‘zXDP Samarqand viloyati Kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati.