Yekaterinburgda 3 nafar o‘zbekistonlik qurbon bo‘ldi
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 3 nafar o‘zbekistonlik ishchilar halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabar berdi.
2019 yil 8 dekabr kuni ertalab soat 6:45 da Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Tazov tumani, Pyakyaxin konida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 3 nafar O‘zbekiston fuqarolari A.E., E.D. va A.S. vafot etdi. Kuyish jarohatini olgan hamyurtimiz T.A. shifoxonaga joylashtirildi.
Ayni paytda tegishli organlar tomonidan tergov tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalar bilan shug‘ullanmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan, Sverdlovsk, Tyumen, Chelyabinsk viloyatlari, Xanti-Mansiysk, Yugra va Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda Yekaterinburg shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.