Ekologik madaniyat nega shakllanmayapti?

“Suvga tupurma, suvni isrof qilma, chiqindini ariqqa tashlama, sindirma, uyni to‘zg‘itma...”. Ota-onamiz, bobo-buvilarimiz, umuman, yoshi kattalar bu gaplarni bolaligimizdan qulog‘imizga quyishgan. Biroq hozir nafaqat yoshlar, balki kattalarning ham tabiatga munosabatiga havas qilib bo‘lmaydi.

Birgina misol. Qishlog‘imiz tog‘ yonbag‘rida joylashgan. Hududning so‘lim tabiati, toza havosi kishining chorlaydi. Kimdir oilasi, boshqa birov do‘stlari bilan kelib, tez-tez hordiq chiqaradi. Lekin aksariyat hollarda ular ketgach, o‘sha joyda orqasidan chiqindilar to‘planib qoladi. Bu ketishda tog‘lar ham chiqindixonaga aylanishi va dam olish joylari keskin kamayishi hech gap emas.

Xo‘sh, fuqarolarning tabiatga munosabatini o‘zgartirish uchun nima qilish kerak?

Qadriyatlarimiz davom ettirilsa...

Xalqimizning juda ko‘p yaxshi urf-odatlari bor. Jumladan, ota-bobolarimizning oilada o‘g‘il farzand tug‘ilganda, unga imorat quraman, uy qilaman, deb daraxt ekishi, bog‘ yaratishi ezgu qadriyat sanaladi. Ammo keyingi paytda bunday an’analar e’tibordan chetda qolmoqda. To‘g‘ri, turli dastur, aksiya va tadbirlar doirasida ko‘chat ekilyapti. Biroq ko‘chat ekish har bir oilada an’anaga aylantirilib, qadriyatlarimiz davom ettirilsa, diyorimizda go‘zal manzara hosil bo‘ladi. Qolaversa, sof havodan nafas olamiz, oila va yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyat shakllanadi.

Xorijliklardan o‘rganib, o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik

Yaponiyaliklar o‘z vatanida yoki boshqa yurtda bo‘lsa ham borgan joyini toza, ozoda saqlaydi va hatto chiqindilarni o‘zi bilan olib ketadi. Mashinada yurganda oynadan chiqindi uloqtirmaydi, kechasi kimningdir eshigi tagiga chiqindi tashlab ketmaydi, ota-onasi tengi odamlarning mehnatini qadrlaydi. Chunki bu ularga xos mentalitet. Oilada, ta’lim muassasalari va ishxonada ham tozalikka e’tibor qaratiladi. Shu bois ham bu mamlakatda 80 foizdan ziyod qattiq va maishiy chiqindi qayta ishlanadi.

Yaponiyada har yili chiqindilarni yig‘ish bo‘yicha xalqaro chempionat ham bo‘lib o‘tadi. Unda nafaqat yaponiyaliklar, balki boshqa mamlakat vakillari ham qatnashadi.

Xo‘sh, nega bizda shunday tashabbuslar yo‘q? Aksariyat hollarda arzimagan tadbir va chellenjga millionlab mablag‘ sarflanadi. O‘zimizda ham shunday musobaqalar tashkil qilib, joylarda obodonlashtirish ishlarini olib borish kerak. Faol ishtirok etganlarga sovrin yoki pul mukofoti berilsa, yanayam yaxshi. Yo‘qsa, bu ishga ko‘pchilikni jalb qilib bo‘lmaydi. Zora, chiqindini maxsus quti yoki belgilangan joyga tashlashni o‘rganamiz. Hech bo‘lmaganda, hudud obod bo‘ladi va obodonlashtirish xodimlari mehnatining qadriga yetarmidik.

Yaqinda Germaniyada bo‘lgan tanishimning aytishicha, bu davlatda biror joyda chiqindi sochilib yotmas ekan. Chunki chiqindi aholidan sotib olinadi va har qadamda chiqindi tashlanadigan maxsus uskunalar qo‘yilgan. E’tiborlisi, uskuna tashlangan chiqindining turiga qarab, pul chiqaradi va qayta ishlashga saralab beradi.

- Germaniyada maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish 1980yillarning oxiridan boshlangan bo‘lsa, 2015 yildan tanlab yig‘ishning yagona tizimi ishlab kelmoqda, - deydi u. - Germaniyaliklar maishiy chiqindilardan biomassa, qog‘oz, shisha, metall va plastmassani alohida to‘playdi. Bu turdagi chiqindilar uchun maxsus rangli idishlar o‘rnatilgan. Masalan, ko‘k – qog‘oz mahsulotlari uchun, yashil – organik chiqindilar uchun. Dorixonalarda muddati o‘tgan dori-darmonlar qabul qilinadi, do‘konlarda eski batareyalar uchun yig‘ish punktlari mavjud bo‘lib, mamlakatda maishiy chiqindi 66 foiz qayta ishlanadi.

Germaniya va Yaponiya - rivojlangan davlatlar. Biz hali ularning darajasiga yetganimiz yo‘q va hatto mamlakatimizda chiqindilarni tashlash uchun urna yetishmaydi. Fuqarolarimizda atrof-muhitga munosabat va chiqindini saralash ko‘nikmasi ham yetarli darajada shakllanmagan. Masalan, hozir yurtimizning barcha tuman, shahar va mahalla markazlarida chiqindi yig‘ish joylari va qutilari bor. Chiqindilarni bir-biriga aralashtirib yubormaslik uchun urnalar turli rangda va ustiga “qog‘oz, plastik, boshqa chiqindilar” deb o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozib qo‘yilgan. Chunki plastmassa, shisha, metall va qog‘oz asosiy turdagi chiqindilar bo‘lib, qayta ishlashga oson va qulay. Biroq aksariyat hollarda bunga e’tibor berilmaydi. Kimdir qanaqa chiqindi bo‘lishidan qati nazar, istagan qutiga tashlasa, boshqa birov duch kelgan joyga uloqtiradi. Hatto chiqindini belgilanmagan joyga tashlash jarimaga sabab bo‘lsa ham.

Albatta, chiqindini urnaga solish uchun qaysidir ta’lim dargohida o‘qish shart emas, balki odamda farosat bo‘lishi kerak. Bu tushuncha esa oila muhitida shakllanadi. Har bir xonadonning sarishtaligi, obodligi uning ostonasidan, ko‘cha-ko‘y, hovli-joyni toza va saranjom tutishda bilinadi.Yoshi kattalar ne’matlarning qadriga yetsa, isrof qilmaslikni, tejab ishlatishni o‘zidan boshlasa, farzandlari va yon-atrofdagilar ulardan o‘rnak oladi.

Chiqindini qayta ishlash uchun imtiyozlarni ko‘paytirish kerak

Yuqorida atrof-muhitga munosabat, chiqindilarni qayta ishlash borasida  rivojlangan mamlakatlar tajribasi haqida to‘xtaldik. Ayni shu tajriba asosida organik moddalardan biogaz olishni yo‘lga qo‘ygan samarqandlik tadbirkor faoliyati   haqida ham yozishni ma’qul topdik.

Maxsus uskunalarda organik moddalarni bijg‘itish usuli bilan biogaz olish texnologiyasidan Xitoyda birinchi bo‘lib foydalanilgan. Hozirda mamlakatda milliy energoiste’molining 30 foizdan ortig‘i biogaz hisobidan. Bu qurilma juda sodda bo‘lib, kam sonli qoramol va parrandaga ega bo‘lgan har bir xonadon egasi uni o‘rnatishi mumkin. Maydon jihatidan ko‘p joy egallamaydi, reaktor uchun ham jihozlar soni kam. Mamlakatimizning 60 foizdan ko‘proq aholisi qishloq hududida yashashini hisobga olsak, bu usulda biogaz olish juda qulay. Xitoyga borib, ushbu tajribani o‘rgangan payariqlik tadbirkor Alijon Temirov aholi xonadonlarida qishloq sharoitida organik chiqindidan biogaz olishga mo‘ljallangan kichik hajmdagi biogaz qurilmalari o‘rnatmoqda.

- Har bir qoramol chiqindisidan bir kunda 4,2 kub metrgacha biogaz olish mumkin, - deydi «Uzbiogaz» MChJ rahbari A.Temirov. – Boshqacha aytganda, bitta qoramol chiqindisidan olinadigan kunlik biogaz qariyb 10 kilogramm yog‘och-o‘tin yoki 5 kilogramm ko‘mir energiyasiga to‘g‘ri keladi (Organik chiqindiga barg-xazonlar va chiriydigan boshqa chiqitlarni ham aralashtirish mumkin). Xitoyda ko‘p xonadonlarda biogaz qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, bu usulni o‘rganish maqsadida ushbu davlatda bo‘ldim va mutaxassislar bilan tajriba almashgach, biogaz qurilmalari ishlab chiqaruvchi sex tashkil qildim. Hozir yigirmaga yaqin xonadonga shunday qurilma o‘rnatdik.

Qurilma narxi hajmiga qarab 20 million so‘mdan boshlanadi. Biroq fuqarolar uskunani sotib olishga qiynalmoqda. Shuning uchun bioqurilmani oson va qulay usulda o‘rnatish uchun fuqarolarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish, chiqindidan biogaz olish bo‘yicha klasterlar tashkil qilish, mahalliy fermalarda biogaz zavodlarini tashkil etish, biotexnologiya sohasida kadrlar tayyorlash va xorij tajribasini o‘rganish kerak.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.