Eksportyorlar onlayn xalqaro savdo tizimini ma’qul ko‘rishmoqda
Eksportyor korxonalarning eksport geografiyasini kengaytirish, yangidan-yangi bozorlarga tadbirkorlarning mahsulotlarini chiqarish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu agentlik tomonidan eksport qiluvchilarga mahsulotni eksport bozorlariga tashish bilan bog‘liq xarajatlaridan tortib xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalarda ishtirok etish, umuman olganda eksport hajmini oshirish uchun qo‘plab moliyaviy ko‘maklarni berish mexanizmlari joriy etilgan.
Bu esa tadbirkorlik tilida — ayni eksport geografiyasini kengaytirish, yangidan-yangi bozorlarga mahsulotlarini chiqarish uchun qulay muhit paydo bo‘lib ulgurganidan dalolat beradi.
Shu o‘rinda o‘tgan davrda, butun dunyoda murakkab karantin sharoitida dunyo bozorida savdo-sotiqning eski usullari allaqachon davrini o‘tab borayotganligi, ayniqsa eksportyorlar uchun o‘z mahsulot va xizmatlarini dunyoga mashxur bo‘lgan onlayn savdo do‘konlariga joylashtirishga ehtiyoji keskin oshganligi sezildi.
Agentlik tomonidan dunyoga mashxur bo‘lgan Amazon, Alibaba va boshqa veb saytlarda o‘z mahsulot va xizmatlarini joylamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak berilib kelinmoqda.
Ushbu veb saytlardan foydalangan holda eksport qilish uchun o‘zbek tilida qo‘llanma ishlab chiqilgan bo‘lib, nafaqat yuridik shaxslar balki jismoniy shaxslar ham tadbirkorlik faoliyatlarini amalga oshirishlari mumkin.
Toyloq tumanida faoliyat yuritayotgan eksportyor korxonalar ham allaqachon ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib kelmoqda.
Bugungi kunda onlayn savdo o‘zining imkoniyatlari, afzalligi umuman zamon talabiga mos kelishi bilan rivojlanmoqda. Statistik ma’lumotlarda ham yildan yilga dunyoda onlayn savdo orqali eksportni amalga oshirish hajmining oshishini qo‘rishimiz mumkin. Shunday ekan kelajakda ishi yaxshi bo‘lishini xohlaganlar bugundanoq harakatni boshlashgan. Bu esa maqtovga loyiq.
Dilshod Umrzoqov.