Elektr energiyasi uchun 200 kVt. limit xonadoningiz uchun yetarli bo‘lyaptimi?

Kecha, 3 iyul kuni telegramm kanalimizda shu savol bilan so‘rovnoma bergan edik. Unda aksariyat ishtirokchilar "Yo‘q, bu limit real iste’molga mos emas", degan fikrda ekani ma’lum bo‘ldi.

So‘rovnomada 1,6 ming nafardan ziyod foydalanuvchi ishtirok etdi. Shundan 82 foizi ana shu javobda ekanini bildirgan. Shuningdek, ishtirokchilarning 12 foizi "Ha, yetarli bo‘ldi", degan javobda to‘xtalgan. Faqat 6 foiz respondentlar “200 kVt.dan ozroq oshdi, tejab ishlatsam yetishi mumkin” degan to‘xtamga kelgan.

Telegram foydalanuvchilari so‘rovnomada ishtirok etish bilan birga, o‘z fikr-mulohazalarini ham yozib qoldirishgan. Ularning ham aksariyati elektr energiyasi uchun belgilangan 200 kVt.lik oylik limit kam ekanligini hamda foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov qimmat ekanligini bildirgan.

Masalan, Orifjon nomi bilan telegram kanal ochgan fuqaro “Qishloq hududida yashayman. Tabiiy gaz yo‘q. 24 soat elektrdan foydalanaman. Elektr toki bilan uylarni isitaman. Juda qimmat bo‘lib ketyapti”, deb yozgan. “Navro‘z” nomi bilan telegram ochgan fuqaro esa “Topgan pulimizni elektrga to‘lashga to‘g‘ri kelmoqda. Qimmat judayam, kamiga elektr energiyasi quvvati juda past”, degan.

Shuningdek, ishtirokchilar “Bu qarorni qayerga, nimaga qarab chiqarishgan. Albatta, 200 kVt. yetmaydi”, “Oddiy kichkina ikki xonali “dom”lar 350-400 kVt. ishlamoqda, shundayam tejab...”, “Shu limitni deputatlar, senatorlar boshqatdan qishloq va shahar sharoitlaridan kelib chiqib, xonadonma-xonadon kirib, ko‘rib chiqib, belgilasa, yaxshi bo‘lardi. To‘g‘ri, bu qiyin, mashaqqatli ish, vaqt ham talab qiladi. Lekin aholining to‘lov imkoniyati, xalq manfaatini hammasidan ustun qo‘yib, qaror qilinsa ma’qul bo‘lardi” kabi fikrlarni bildirishgan.

Shu bilan birga o‘zining nomini oshkor qilmagan telegram foydalanuvchisi bir iqtisodchining elektr energiyasi haqidagi tahlili bilan o‘rtoqlashgan: «Elektr energiyasiga qo‘yilgan ijtimoiy norma va tariflar to‘g‘risida bir ma’lumot — 2017 yil sentyabrda dollar kursi 4150 so‘mdan 8040 so‘mga ko‘tarilganda elektr energiyasi tarifi 204,30 so‘m edi. Ya’ni, dollarda tarif 5 sentdan 2,5 senta tushdi.

Keyin tarif biroz oshirilib, 2019 yil 15 avgustda 295 so‘m bo‘ldi va 2024 yil 1 maygacha o‘zgarmay turdi. Dollar bu orada 8040 so‘mdan 12650 so‘mgacha chiqdi.

...Oradan 7 yil o‘tib, endi tarif o‘zining oldingi qiymatiga qaytdi. Ya’ni, shuncha yil davomida dollar bilan birga hamma narsaning narxi oshib keldi, oyliklar oshdi, lekin energetika sohasi yildan-yilga oshib borayotgan xarajatlarni o‘zgarmas daromad bilan yopolmay, zararga kirib bordi.

...Yana bir boshqa rakursdan qarash — oyiga o‘rtacha 350 kVt.soat ishlatadigan xonadon elektr uchun 225 000 so‘m to‘laydi. Bu kuniga 7500 so‘m degani. Odamlar kuniga yoki kunora o‘zlariga 15 000 so‘mga 1 pachka sigaret, yo bir xaltacha nos, haftasiga bir marta 50 000 so‘mlik aroq va 50 000 so‘mlik zakuska (kuniga 15 000 so‘mga boradi) yoki televizor ko‘rib, ermak qilgani “Pepsi” va pista (20 000 so‘mga boradi) sarflaydi. Lekin shuncha og‘irini yengil qiladigan elektr energiyasi uchun kunida 7500 so‘mdan ketayotganiga arz qiladi...”.

Albatta, telegram kanalimiz va saytimizda elektr energiyasi ishlab chiqarilishi katta mablag‘ni talab qilayotgani, shu paytgacha aholiga elektr toki o‘z tannarxidan past qiymatda yetkazib berilayotgani, xonadonlarning energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun ma’lum miqdordagi mablag‘ sarflanib kelinayotgani haqida xabar va tahliliy maqolalar berib bordik. To‘g‘ri, aholi uchun avval belgilangan 295 so‘mlik tarif xarajatlarni umuman qoplamasligini oddiy iste’molchilar ham anglab yetdi. Shuning uchun 1 may kunidan tarif 450 so‘m etib va oylik foydalanish limiti 200 kilovatt etib belgilandi.

Biroq so‘rovnoma natijasidan anglanadiki, odamlar uchun limitning 200 kVt. etib belgilangani va undan ortganiga 900 so‘mdan to‘lov qilish ma’qul emas. Demak, 200 kVt/soat elektr energiyasi aholiga yetmayapti.

Bu holatga soha mutaxassislari izoh berar, deb umid qilamiz.