Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ellarni ma’rifat birlashtiradi

Toshkentda "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusida o‘tkazilgan anjuman jarayonini kuzatib, qalbim to‘lqinlanib ketdi.

Juda ajoyib ish bo‘ldi! Ayniqsa, ushbu konferensiya davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bo‘lgani faxrlidir. Chindan ham O‘zbekiston keyingi yillarda geoiqtisodiy, geomadaniy hamkorlikning chinakam tashabbuskori va tashkilotchisiga aylanmoqda.

Prezident Sh.Mirziyoyev bu xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, tilimiz o‘xshash, dinimiz bitta bo‘lgani bois bu mintaqa aholisi azalda o‘zaro birdamlikda yashab kelgan. Shu sababli tariximizni o‘rganishimiz bizni bir-birimizga yanada yaqinlashtiradi, iqtisodiy sheriklikka, ishonchga yo‘l ochadi.

So‘zimning isboti uchun bitta misol keltirib o‘taman.

Bobom, buyuk ma’rifatparvar Saidrizo Alizoda merosini o‘rganish maqsadida u kishining o‘z vaqtida maqola va kitoblari yetib borgan Osiyo davlatlari mutasaddilari bilan aloqa bog‘ladim. Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Eron kutubxonalaridan ancha-muncha qo‘lyozmalar, ma’lumotlar oldim.

Pokistonda esa meni Pokiston Islom universiteti rektori, janob Hasan Mahmud Abdul Latif Shafiyning o‘zi qabul qildi. Universitet boy  kutubxonasidan jadid bobomning Islom dini va falsafasiga, tarixiga oid qimmatli asarlaridan nusxalar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu asar din tarixi bo‘yicha eng ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lib, undan Pokiston milliy gimni, ko‘plab darsliklarda foydalanilgan ekan.

Meni hayratga solgani shuki, Osiyoning qaysi davlatiga bormay, u yerdagi ziyolilar mushtarak tariximizni o‘rganish uchun xayrixohlik bildirishdi. Demak, ular O‘zbekiston ziyolilari bilan hamkorlik qilishni istashadi. Biz ana shu imkoniyatdan, moyillikdan unumli foydalanishimiz lozim. Bu yaqinlik esa kelgusida tijorat, iqtisodiyot sohasidagi mustahkam hamkorlikka yo‘l ochadi. Muhimi, shonli tariximizdagi birdamlik an’anasini davom ettiramiz.

Farhod Alizoda.