Elmira Bositxonova Samarqandda nodavlat notijorat tashkilotlar masalalari muhokamasida ishtirok etmoqda

Xabaringiz bor, Samarqandda «XXI asr ijtimoiy muammolarini hal qilishda Markaziy Osiyo xotin-qizlarining roli» mavzuida xalqaro forum o‘tkazilmoqda. Forumning ikkinchi kunida, bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.

- Anjuman nodavlat notijorat tashkilotlari nufuzi va jamiyatdagi ahamiyatining nechog‘lik ahamiyatli ekanini ko‘rsatmoqda, - dedi E.Bositxonova. - Ayniqsa, “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazining sa’y-harakati bilan bugun hududlarda tashkil etilgan mahalliy rivojlanish markazlari xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish barobarida ularni ish bilan ta’minlashga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi NNT vakillarining fikri va muammolarini eshitdik. Ularni hal qilishga ko‘maklashamiz, albatta.

Anjumanda Jizzax, Andijon, Surxondaryo, Navoiy viloyatlari nodavlat tashkilotlari vakillari mahalliy rivojlanish markazlari tashkil qilishda joy, kasb-hunar o‘rganuvchilar uchun yotoqxona kabi masalalarda muammolar borligini ta’kidlashdi.

Tadbir doirasida jurnalistlar uchun DVV International hamda “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tomonidan tashkil etilgan tanlov g‘oliblari ham e’lon qilindi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin Samarqand viloyati hokimligining “Zarafshon” gazetasi muxbiri Gulruh Mo‘minovaga nasib etdi.