Emlangan mollar nobud bo‘lganmi? Veterinariya qo‘mitasi holatni o‘rgandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Navbahor tumanida bradzot kasalligiga qarshi emlangandan so‘ng mayda shoxli mollarning nobud bo‘layotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan batafsil o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea Navbahor tumani «Ergash Husen» fermer xo‘jaligida sodir bo‘lgan. Xo‘jalik tumanning Sarmish tog‘li hududida joylashgan bo‘lib, tasarrufida 800 bosh mayda shoxli mol mavjud. Otardagi qo‘ylar 2019 yil 26 dekabr kuni bradzot kasalligiga qarshi emlangan. 2020 yil 7 yanvaridan 11 yanvarigacha otarda 15 bosh qo‘y va echki nobud bo‘lgan.

Navbahor tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislari tomonidan 7 yanvar kuni nobud bo‘lgan 1 bosh echki va 1 bosh qo‘y patanatomik yorib ko‘rilgan. Yorib ko‘rish natijasi bo‘yicha ushbu mollarda oshqozon-ichak tizimida kuchli shamollash hamda kataral pnevmoniya belgilari kuzatilgan, bradzot kasalligi qo‘zg‘atuvchilari esa aniqlanmagan.

O‘rganishlar natijasida «Ergash Husen» fermer xo‘jaligi chorva mollari kechasi va ertalab yaylovda boqilishi, tog‘li joyda kechasi harorat — 50-70 darajagacha sovib ketishi, shudring ertalab soat 10-11 largacha saqlanib turishi, har kuni sovuq shamol esayotgan pallada suruvning ochiq yotoqda saqlanishi holatlari aniqlangan. Ta’kidlanishicha, bunday holatlar «Ergash Husen» fermer xo‘jaligi chorva mollarining ba’zilarida shamollashning kelib chiqishiga omil bo‘lgan.

Qo‘ylarni emlashda foydalanilgan preparat «Hayvonlarning klostridioz kasalliklariga qarshi emlama» bo‘lib, barcha ko‘rsatkichlar, shu jumladan, sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha belgilangan me’yor va talablarga mos bo‘lib, tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega.

Ushbu qo‘ylarning bradzot kasalligining oldini olish uchun qo‘llaniladigan emlama faolsizlantirilgan, zararsiz emlama bo‘lib, hayvon organizmiga yuborilganda kasallik keltirib chiqarish xususiyatiga ega emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda Navbahor tumanida bradzot kasalligiga qarshi emlangandan so‘ng mayda shoxli mollarning nobud bo‘layotganligi to‘g‘risida xabarlar asossiz bo‘lib, 2019 yilda Navbahor tumanida 26 ming boshdan ortiq, joriy yilning o‘tgan davrida 2 ming boshga yaqin mayda shoxli mollar ushbu kasallikka qarshi emlangan. Shu kungacha biror xo‘jalik mollarida asoratlari kuzatilmagan.