Tibbiyot insonni, veterinariya insoniyatni da’volaydi

Jamiyatda veterinariya kasbining muhimligi va insoniyat taraqqiyotidagi ahamiyati, shuningdek, veterinariya tashkilotlari va veterinariya vrachlarining nufuzini yanada ko‘tarish maqsadida 2000 yildan buyon har yili aprel oyining oxirgi shanba kuni butun dunyoda “Xalqaro veterinariya kuni” nishonlanadi.

Bugun insoniyat global yechim talab etadigan ko‘plab muammolarga duch kelmoqda. Ulardan eng asosiysi, oziq–ovqat xavfsizligi muammosi, shuningdek, insonlar va hayvonlar o‘zaro munosabatda yashab turgan atrof-muhitda vujudga kelayotgan yuqumli kasalliklarning tarqalishidir. Kasalliklar davlatlarga katta iqtisodiy zarar keltirish bilan birga, insonlar hayotiga ham hamisha katta xavf soladi.

Mamlakatimizda buning uchun barcha huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, epizootiyaga qarshi profilaktik tadbirlar muntazam olib boriladi. Asosan, chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan insonlar va hayvonlar uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldi olinib, barqaror epizootik vaziyat saqlanmoqda.

Har yili aprel oyining oxirgi shanbasida Yer sharining turli nuqtalarida Xalqaro veterinariya kuni (World Veterinary Day) nishonlanadi.  

O‘zbekistonda ushbu infrastrukturaning rivojlanishi hududlarda epizootik va epidemik barqarorlikni, aholini xavfsiz va iste’molga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va xalqaro savdo aloqalarining rivojlanishiga xizmat qilmoqda.  O‘zbekiston 1992 yildan buyon Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti a’zosi hisoblanadi.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti aynan shu soha uchun mutaxassis–kadrlar tayyorlaydi. Ta’lim maskanida bugun jami 6,5 ming nafardan ziyod talaba–yoshlar tahsil olmoqda.

Ta’lim muassasasida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, xalqaro talablarga javob beradigan takomillashtirilgan o‘quv rejalar, o‘quv dasturlar asosida o‘quv jarayoni tashkil etilgan bo‘lib, ilk bor “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi o‘qish muddati 5 yil etib  belgilandi. Universitetning barcha ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan va HEMIS platformasida olib boriladi. O‘quv jarayonida yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan yo‘nalishlar va mutaxassisliklar xususiyatidan kelib chiqib, o‘quv seminar-treninglar, mahorat darslari, ochiq ma’ruza va amaliyot, laboratoriya mashg‘ulotlari tashkil etilib, yosh iqtidorli va qobiliyatli o‘qituvchilarda pedagogik mahorat shakllantirilib borilmoqda.

Universitetda ayni kunda  381 nafar professor–o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xorijiy davlatlarning ilg‘or OTMlaridan 23 nafar professor-o‘qituvchilar  oflayn va onlayn tarzda universitet o‘quv jarayoniga jalb etilgan.

Bu kasb egalarini e’zozlasak arziydi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida veterinariya kuni shu sohadagi ishlarni keng yoritish va xabardorlikni oshirish maqsadida nishonlanadi. Hayvonlar bilan til topishish oson ish emas. O‘z dardini shifokoriga aytib berolmaydiganlarni da’volash uchun kishidan katta qalb, sabr–toqat va yuksak bilim talab etiladi.

Zamonaviy olamda bu soha ham ancha taraqqiy etgan. Bugungi kun veterinar shifokorlari yetuk bilimli va zamon bilan hamnafas kadrlardir. O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan barcha mutaxassislarga Xalqaro veterinariya kuni muborak bo‘lsin, deymiz.

Xudoynazar Yunusov,

SamDVMChBU rektori, biologiya fanlari doktori, professor. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador.