Veterinarlarga litsenziya DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi

2020 yil 23 mayda Vazirlar Mahkamasining “Veterinariya faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning 2020 yil 31 yanvardagi "Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Reglamentga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslar litsenziyani faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari (www.my.gov.uz) portali orqali olishlari mumkin.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

- 2020 yil 1 sentyabrga qadar bo‘lgan muddatda Reglamentni joriy etishni ta’minlash;

- "VIS-LICENSE" axborot tizimini uch oy muddatda ishlab chiqish va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan litsenziatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni 2020 yil 30 dekabrga qadar mazkur tizimga kiritish topshirildi.

Reglament quyidagi yo‘nalishlarga tatbiq etiladi:

- veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlari;

- preparatlar, shu jumladan, dorivor vositalar, ozuqa qo‘shimchalari va boshqalarni ishlab chiqarish va tayyorlash;

- davolash-profilaktika ishlari.

Yuridik shaxs shtatida oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarning mavjud bo‘lishi uning faoliyatini litsenziyalash uchun talablardan biri hisoblanadi. Ma’lumoti to‘g‘risidagi talab yakka tartibdagi tadbirkorga ham qo‘yiladi. Yana u 5 yilda bir marta malakasini oshirishi kerak.

Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im miqdori BHMning 1 baravarini, litsenziya berilganligi uchun davlat boji summasi esa BHMning 10 baravarini tashkil etadi.

Reglament 2020 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.