Endi faol NNT va mahallalarga 60 million so‘mdan davlat granti ajratiladi
Bu haqda viloyat Matbuot uyida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi rahbari D.Malikov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytildi.
Anjuman davomida 2022 yil davomida 56 ta NNT va boshqa tashkilotlar davlat granti loyihalari bilan qatnashgan bo‘lsa, ulardan 17 tasi g‘olib deb topilib, 824 million so‘m moliyalashtirilgani, buning natijasida 87 ta ish o‘rni yaratilgani aytildi. Shuningdek, 11 ta milliy-madaniy markazlariga 440 million so‘m davlat subsidiyasi ajratilgan.
- 2023 yilda e’lon qilingan birinchi grant loyihasi tanlovida jami 16 ta, xususan, NNTlar, mahalla fuqarolar yig‘ini hamda OAV vakillari qatnashdi, - deydi D.Malikov. - Ulardan 8 tasi g‘olib deb topilib, 400 million so‘m moliyalashtirildi. Shu paytgacha loyiha tanlovlari g‘oliblariga 30-50 million so‘mdan grant mablag‘i ajratilgan bo‘lsa, bu yildan bu miqdor 60 million so‘mni tashkil etmoqda.
Ayni paytda “Inson huquqi va erkinliklariga amal qilish har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash, huquq va manfatlarini ta’minlash, ma’naviy-ahloqiy bilimlarni oshirish, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish” mavzusida ikkinchi davlat granti ajratish uchun tanlov e’lon qilingan.
Husan Eltoyev.