Ijtimoiy loyihalar 30 million so‘mlik grantlarga sazovor bo‘ldi

Samarqand shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va do‘stlik uyida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant loyihalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yil birgina ushbu fondning o‘zi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun oltita tanlov e’lon qilib, 1 milliard so‘m mablag‘ ajratdi. Shuningdek, nodavlat tashkilotlar respublika fondlaridan ham g‘olib loyihasi uchun mablag‘ olish imkoniga ega bo‘ldi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamatqulov, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining raisi F.Toshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Hamroyev shu haqda batafsil ma’lumot berdi.

- 2008 yildan 2020 yilga qadar respublika miqyosida grantlar uchun 105 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, birgina 2021 yilning o‘zida bu miqdor 135 milliard so‘mni tashkil etdi, - deydi Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi rahbari Otabek Husanov. - Bu juda katta imkoniyat bo‘lishi barobarida ushbu tashkilotlarning qiyinchiliksiz faoliyatiga zamin hamdir. Kelgusi yil nodavlat tashkilotlarga yanada kengroq imkoniyat yaratish ko‘zda tutilgan. Viloyat kengashlari huzurida jamoat fondlari tashkil etilib, ularning ham moddiy ta’minoti ko‘payayotgani ijtimoiy loyihalarning yanada kengroq amalga oshishiga imkoniyatdir.

Viloyat fondi tomonidan e’lon qilingan tanlov g‘oliblari orasida kutubxona tashkil etishdan tortib, nogiron ayollar uchun fitnes-klub ochish, ko‘zi ojizlarga yordam berishni maqsad qilgan tashabbuskorlar bor.

G.Mo‘minova,

H.Eltoyev (foto).