Jamoat tashkilotlariga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori aniq bo‘ldi

Samarqandda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentning 2022 yil 29 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-230-sonli Qarori hamda Parlament komissiyasining 2022 yil 28 iyundagi 17-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi hamda Jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi, tegishli masalalar muhokama qilindi.

Viloyat moliya, bandlik hamda jamoat fondi boshqaruv xodimlari bilan birgalikda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati viloyat, shahar va tuman bo‘limlariga, O‘zbekiston Karlar jamiyati viloyat bo‘limiga, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati viloyat, shahar va tuman bo‘limlariga, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limiga davlat subsidiyasi ajratish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi va faoliyati to‘liq o‘rganilib, davlat subsidiyasi miqdorlari aniqlanib chiqildi.

Yig‘ilishda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan 2023 yilda davlat subsidiyasi uchun 7 milliard 987 million so‘m, davlat granti uchun 1 milliard 200 million so‘m, Jamoat fondi faoliyati bilan nodavlat-notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish uchun 9 milliard 418 mln so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Doston Malikov,

xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori.