Endi ishlayotgan pensionerlar pensiyasini to‘liq oladi
- Shu vaqtgacha hamma pensionerlar ham ishlashdan birdek manfaatdor emas edi. Chunki ishlaganlarning pensiyasi qoq yarmidan kesilardi, - deydi faxriy jurnalist Tog‘aymurod Shomurodov. - Xomcho‘t qilib ko‘rilsa, pensiya yoshida ishlagan keksalarning topadigan daromadi uyda o‘tirib pensiya olayotganlarnikidan uncha katta farq qilmasdi. Prezidentimizning “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ana shu moddiy manfaatdorlikni oshirishi bilan ahamiyatlidir.
To‘g‘ri, bugun tarmoqlarni jadal rivojlantirish jarayonida yosh, g‘ayratli, bilimdon, yangilikka chanqoq kadrlar suv va havodek zarur. Ammo ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, o‘zining ko‘p yillik boy tajribalarini o‘rgatib, ustozlik qila oladigan, sodda qilib aytganda, sohaning yengidan kirib yoqasidan chiqib ketadigan pirlarining ko‘pi pensiya yoshida. Prezident farmoni ana shunday yetuk mutaxassislar, o‘z ishining ustalarini yana jonajon kasbiga qaytarish, boy tajribasi va ilmiy salohiyatini sohalar rivojiga jalb qilish, o‘z ortidan yosh kadrlarni ergashtirishi uchun noyob imkoniyat yaratib berdi, deb o‘ylayman.
Darhaqiqat, agar har qanday ishxonada yoshi ulug‘ kishilar bo‘lsa, bu o‘sha yerda tartib-intizom, osoyishta, muhimi, ishda xato kam bo‘ladi, degani. Chunki, yoshlar keksalardan nafaqat sohaviy, balki hayotiy saboqlarni-da o‘rganishadi.