Endi mahsulotlar birjada erkin sotiladi

Ushbu hujjatlarning qabul qilinishi yurtimizda mazkur sohalarda to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish, tarmoqlarni rivojlantirish va yangicha yondashuvlarni sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.

Masalan, Prezidentimizning joriy yil 17 yanvardagi qaroriga ko‘ra, endilikda monopolist korxonalar tomonidan 27 nomdagi yuqori likvidli mahsulotlar bozor tamoyillari asosida faqat birja savdosi orqali sotiladi. 
Bunda ekstraksion benzin, mis o‘ramasi, mis katankasi, ikkilamchi alyuminiy, metall rux, yem uchun don – tuman (shahar) hokimliklarining xulosasiga muvofiq faqat qayta ishlash quvvatiga ega korxonalarga, texnik chigit – "O‘zpaxtayog‘" aksiyadorlik jamiyati yog‘-moy korxonalariga, paxta tolasi birja savdolari orqali qayta ishlash quvvatiga ega to‘qimachilik korxonalariga sotiladi. Paxta shroti va sheluxasi birja savdolarida ustama narxi va hajmlarini taqsimlash tartibini saqlagan holda savdoga qo‘yiladi. Istisno tariqasida avtomobil benzini – byudjet tashkilotlari va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, dizel yoqilg‘isi – byudjet tashkilotlari, davlat buyurtmasi bo‘yicha paxta xomashyosi va g‘alla yetishtirib beruvchi fermer xo‘jaliklari, ko‘mir – byudjet tashkilotlari, aholi va "O‘zbekenergo" AJ korxonalariga, paxta yog‘i – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ulgurji va chakana bahoda belgilangan narxlar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha realizatsiya qilinadi. 


Qarorga muvofiq sement, sement klinkeri, asbest, qurilish oynasi, qora metall prokati, yog‘och-taxta va polimateriallar, ko‘mir uchun bojxona to‘lovlarini amalga oshirishda 2019 yil 1 yanvargacha imtiyozlar berilmoqda (Bojxonada rasmiylashtirish bundan mustasno). Bu mahsulotlar faqat birja orqali sotiladi (import qilinayotgan tovarlar bundan mustasno).  
Davlatimiz rahbarining bozorlarimizni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirishga qaratilgan farmoni ijrosiga ko‘ra, joriy yil 1 fevraldan mamlakatimiz oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha qo‘llanilayotgan bojxona, soliq va boshqa imtiyoz, preferensiyalar bekor qilindi. Iste’mol tovarlarini tovar xomashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga taqiq bekor qilindi. Shakar ishlab chiqaruvchilar 2019 yil 1 yanvargacha import xomashyosi asosida ishlab chiqargan mahsuloti uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etildi. Ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3500 baravaridan, shundan pul mablag‘lari eng kam ish haqining 1200 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab ham bekor qilindi. 


Shuningdek, Prezidentimizning yog‘-moy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan qarori bilan shrot va sheluxani sotish bo‘yicha "Ozuqa yem ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyatlarini tugatish mo‘ljallanmoqda. Keyinchalik sanoatda qayta ishlash uchun mo‘ljallangan ekstraktli paxta yog‘i birja savdolari orqali faqat "O‘zpaxtayog‘" aksiyadorlik jamiyati korxonalariga sotilishi tartibi saqlab qolindi. 
Yuqoridagi qarorlar ijrosi yuzasidan filialimizda ham zarur ishlar boshlandi. Xususan, joriy yil 1 fevraldan boshlab Kattaqo‘rg‘on va Toyloq tumanlaridagi xo‘jaliklar o‘g‘itni to‘g‘ridan-to‘g‘ri birja orqali xarid qilishni boshlaydi. Shu orqali turli xil suiiste’molchiliklar va talon-tarojliklarning oldi olinadi, to‘lov intizomi mustahkamlanadi, xo‘jaliklarning debitor va kreditorlik qarzdorliklari kamayadi. 

Furqat YuLDAShEV, 
"O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi" aksiyadorlik jamiyati viloyat filiali
direktori o‘rinbosari.