Endi ta’lim muassasalari xodimlari hamda surunkali xastaliklari bor aholi ham vaksina olishi mumkin

Samarqandda 27 apreldan boshlab barcha hududlarda 65 yoshdan yuqori aholi, tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda ta’lim muassasalari xodimlari hamda surunkali xastaliklari bor aholiga ham vaksinatsiya ishlari amalga oshirila boshlandi. Samarqand shahridagi 9-son oilaviy poliklinikada ushbu jarayon bilan tanishdik.

- Ayni paytda rejalashtirilgan 718 nafar aholining 650 nafari vaksinatsiyadan o‘tdi, - deydi poliklinika bosh shifokori Sardor Rasulov. – Ular orasida 65 yoshdan oshganlar bilan bir qatorda poliklinikamiz, Samarqand shahridagi 1-sonli tug‘ruqxona, shuningdek, sil kasalligi bilan og‘rigan bolalar sihatgohi tibbiyot xodimlari bor. Emlanganlarning birortasida nojo‘ya ta’sir sezilmadi. To‘g‘ri, aksar vaksinalar singari bunda ham isitma ko‘tarilishi, og‘riq bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar kuzatuvga olindi. Bugundan boshlab keyingi bosqich, ya’ni surunkali xastaliklari mavjud hamda ta’lim muassasalari xodimlarini ham emlash ishlari amalga oshirila boshlandi. Ammo bu degani ulgurmay qolgan, ma’lum sabablar bilan kela olmagan 65 yoshdan yuqori aholining vaksina olishi to‘xtatildi, degani emas. Ular ham bir paytda vaksina olishda davom etadi.

Poliklinikada vaksinatsiya jarayonini amalga oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Aholining tibbiy holatini aniqlash, vaksina o‘tkazish va kuzatuv xonalari, vaksina saqlovchi maxsus muzlatkich mavjud.