Endi traktor olmoqchi bo‘lganlar lizingga texnika narxining 10 foizini to‘lab xarid qilishi mumkin

2019 yil 12 iyulda Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan «Qishloq xo‘jaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida Nizom» tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, qishloq xo‘jaligi korxonasi lizing tashkiloti yoki bankka qishloq xo‘jaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ariza beradi. Ariza 3 bank ish kunida ko‘rib chiqiladi. Lizing tashkiloti yoki bank tomonidan ijobiy xulosa qabul qilinsa, mazkur tashkilotlar lizing yoki kreditning 10 foiz punktini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga buyurtmanoma yuboradi.

Subsidiya faqat lizing yoki kredit shartnomasi tuzilgan kunda ishlab chiqarilgan muddati 1 yildan oshmagan yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ajratiladi. Jamg‘arma subsidiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda bu haqida lizing tashkiloti yoki bankni 1 ish kunida xabardor qiladi.