Traktorlarga yangi rusumli davlat raqamlari berilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan traktorchi-mashinist guvohnomalarini rasmiylashtirish, texnikalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, texnik pasport va texnik guvohnomalarning yangi namunalarini berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida inspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida jami 3 ming 172 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari ro‘yxatga olingan bo‘lib, 2855 ta davlat raqam belgilari hamda 2891 ta texnik pasport berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida 5277 ta qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, 1 milliard 244 million so‘mlik davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Qishloq xo‘jaligi tizimida zamonaviy texnikalardan foydalanishni yanada kengaytirish maqsadida viloyatimizga 1150 ta har xil qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlar keltirilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.