Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endilikda kardiologiya bo‘yicha yuqori texnologik davolash usullari viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yiladi

Sog‘liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli yurtimizda yurak kasalliklari bo‘yicha bir qancha murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bu haqida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga so‘zlab berdi.

— Darhaqiqat, tibbiyoti rivojlangan xorij davlatlarida amalga oshiriladigan eng murakkab jarrohlik amaliyotlari bugungi kunga kelib, mamlakatimiz klinikalarida ham sifatli bajarilmoqda, — deydi X.Fozilov. — Jumladan, ayni kunda markazimizda koronaroangiografiya – yurak tojsimon arteriyalarining toraygan qismlarini aniqlash, ularga stent (naycha) o‘rnatish, yurakning murakkab aritmiyalarini elektrofiziologik usulda diagnostika qilish va davolash – radiochastotali ablyasiya (RChA) va yurak blokadalarida elektrokardiostimulyator o‘rnatish, yurak ishemik kasalligining og‘ir turlarida aorta koronar shuntlash, yurak poroklarini jarrohlik usuli bilan tiklash, yurak klapanlarini protezlash kabi ochiq usuldagi amaliyotlar va 3D toraskopik uskunasi yordamida murakkab kichik invaziv operatsiyalar amalga oshirilmoqda.

E’tiborlisi, bunday yuqori texnologik davolash usullari nafaqat poytaxtimiz, balki viloyatlarda ham sifatli yo‘lga qo‘yila boshladi. Xususan, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlarida koronarografiya va stentlash amaliyotlari o‘tkazilmoqda.

Markazimizda amalga oshirilayotgan yuqori texnologik davolash usullarining soni, sifati va ko‘lami yildan yilga ortib bormoqda. Bular sirasiga yurak klapanlarini endovaskulyar usulda protezlash, yurak qorincha va bo‘lmachalari to‘sig‘idagi tug‘ma nuqson – teshiklarni ko‘krak qafasini ochmasdan, periferik tomirlar orqali kirib, okklyuder yordamida berkitish, AKSh operatsiyasini ishlab turgan yurakda amalga oshirish va bir nechta shunt qo‘yish kabi o‘ta murakkab operatsiyalar kiradi.

Shuningdek, bir vaqtning o‘zida yurakda ikki va undan ortiq o‘ta murakkab operatsiyalarni o‘tkazish, ya’ni AKSh + yurak klapanlarini protezlash + yurak mushaklari devorini plastika qilish + yurak qorincha va bo‘lmachalari ichidan ivib qolgan trombni olib tashlash hamda bo‘lmachalar xilpillashi (RChA), murakkab yurak yetishmovchiligi, dilyatatsion kardiomiopatiyada resinxrozirlovchi terapiyani amalga oshirish (SRT) kabi jarrohlik operatsiyalar ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, markazning “Elektrofiziologik tekshiruvlar va yurak ritmi buzilishlarining murakkab turlarini xirurgik davolash” bo‘limida:

- elektrokardiostimulyator implantatsiyasi;

- yurak resinxronlashtiruvchi qurilmalar (SRT-D va CRT-P) implantatsiyasi;

- hayotga xavf soluvchi qorinchalar aritmiyalarda IKD implantatsiyasi;

- chap bo‘lmacha quloqchasiga okklyuder implantatsiyasi;

- yurak ichi elektrofiziologik tekshiruvlari;

- bo‘lmachalar yoekstrasistoliyasi radiochastotali ablyasiyasi amaliyoti;

- qorinchalar ekstrasistoliyasi radiochastotali ablyasiyasi amaliyoti;

- WPW sindromi radiochastotali ablyasiyasi amaliyoti;

- bo‘lmachalar taxikardiyasining radiochastotali ablyasiyasi amaliyoti;

- atrioventrikulyar tugunli retsiprok taxikardiyalarning (AVTRT) radiochastotali ablyasiyasi kabi yuqori texnologik amaliyotlar bajarilmoqda.