Energiya resurslarini tejash umummilliy harakat darajasiga ko‘tariladi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining sakson beshinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Deputatlar, dastlab viloyat aholisi va ijtimoiy soha ob’yektlarini 2023 yilda energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan belgilanadigan vazifalar to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.
Ushbu masala yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali rahbari o‘rinbosari U.Nazarov va boshqa mas’ullarning axboroti eshitildi.
Qayd etilishicha, yaqinda respublika ishchi guruhi tomonidan davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilgan.
O‘rganishlarda 2023 yilda viloyatda jami 574,1 million kVt.soat elektr energiyasi va 376,5 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilish manbai aniqlandi. Viloyatda energiya tejamkorlik va energiya resurslaridan oqilona foydalanish orqali belgilangan chora-tadbirlarni bajarish natijasida elektr energiyasi iste’moli 12 foiz, tabiiy gaz iste’moli 15,9 foiz iqtisod qilinadi.
Bundan tashqari, 2023 yil uchun viloyatdagi har bir mahallaning elektr va gaz xo‘jaligini 2023/2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash, quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatish hamda boshqa texnik tadbirlar bo‘yicha rejalari ishlab chiqildi.
Jumladan, 229 ta umumta’lim maktabi, 223 ta maktabgacha ta’lim, 71 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, shuningdek, 136 ta issiqxona xo‘jaligi, 4 ta g‘isht ishlab chiqarish korxonasi, 4 ta sement zavodi hamda 6 ta ohak ishlab chiqarish sexi tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladi.
Yuridik va aholi iste’molchilarga quyosh fotoelektr stansiyalari va geliokollektorlarni o‘rnatish natijasida 64,7 million kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Mahalliy kengashlar bilan birgalikda doimiy ravishda viloyatda energiya resurslarini tejashni umummilliy harakat darajasiga ko‘tarib, «Energiya resurslarini kelajak avlodlar uchun ham asraylik» shiori ostida targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Mazkur masala bo‘yicha viloyatimizda 2023 yil uchun energiya tejamkorlik, elektr va gaz xo‘jaligi ob’yektlarini 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash hamda muqobil energiya manbalarini keng joriy etishni ta’minlash maqsadida elektr energiyasi va tabiiy gazni iqtisod qilish maqsadli ko‘rsatkichlari, kuz-qish mavsumi uchun elektr va gaz tarmoqlarini ta’mirlash rejalari tasdiqlandi.
Viloyatdagi ko‘cha yoritish qurilmalarining 50 foizini joriy yil yakuniga qadar, qolganini 2024 yil 1 iyunga qadar quyosh panellari yordamida yoritishga o‘tish belgilandi.
Sessiyada viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Shuningdek, viloyat hokimining 2023 yil 13 apreldagi «Viloyat mahalliy byudjetining 2023 yil ikkinchi chorak daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan foydalanish to‘g‘risida»gi va boshqa qarorlari tasdiqlandi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.