Eng munosib o‘g‘lonlar muddatli harbiy xizmatga yo‘l oladi

Samarqand garnizonida muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvni samarali tashkil etish maqsadida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari va Milliy gvardiya vakillari tarkibida Rahbariyat kengashi va harbiy tibbiy komissiya tuzilgan.

Ayni vaqtda Rahbariyat kengashi tomonidan har bir chaqiriluvchini qo‘shin turlariga tayinlash, tegishli idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik ishlari olib borilyapti.

Jumladan, milliy armiyamiz saflarida yigitlik burchini ado etishni maqsad qilgan yigitlar Samarqand viloyati mudofaa ishlar boshqarmasida yakuniy harbiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tegishli qo‘shin turlariga qarab saralanmoqda.

Xususan, chaqiriluvchilar barcha me’yorlarga amal qilingan holda tibbiy tekshiruvdan o‘tib, Vatan himoyasi borasidagi harbiy xizmatga shaylanyapti. Bu kabi qat’iy nazorat va hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar armiyaga eng sara o‘g‘lonlar chaqirilishini kafolatlaydi.