Eng namunali tayanch punkti aniqlandi
Tanlov g‘oliblarini aniqlashda xizmat ko‘rsatish hududidagi vaziyat, tayanch punkti atrofida zarur infratuzilmaning mavjudligi, voyaga yetmaganlar bilan ishlashning ahvoli, profilaktika inspektorlarining o‘z sohalari bo‘yicha egallagan bilimlari e’tiborga olindi.
Ko‘rik-tanlovda Toyloq tumanidagi O‘ray-Elipok mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 446-sonli tayanch punkti 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rin Kattaqo‘rg‘on tumani Mo‘minxo‘ja mahalla fuqarolar yig‘inidagi 203-sonli, uchinchi o‘rin esa Jomboy tumani tumani Dehqonobod mahalla fuqarolar yig‘inidagi 148-sonli tayanch punktiga nasib etdi.
– Mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda tayanch punktlarining alohida o‘rni bor, – deydi 446-sonli tayanch punkti profilaktika inspektori, tanlov g‘olibi Shavkat Xursandov. – Punktimiz hududida yangi mahalla markazi tashkil etilib, zamonaviy jihozlangani, tadbirkorlik sub’yektlari ko‘payib, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani faoliyatimiz samaradorligida muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, mahalla hududi videokuzatuv vositalari bilan jihozlandi, nazorat maskanlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi va tungi navbatchilik olib borilmoqda. 2017 yil davomida hududimizda birorta jinoyat qayd etilmagani bugungi muvaffaqiyatimizda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tanlovda «Eng faol profilaktika inspektori», «Eng faol mahalla posboni», «Ibratli xotin-qizlar qo‘mitasi raisi», «Adolatli yarashtirish komissiyasi», «Yoshlar yetakchisi», «Eng faol jazoni ijro etish inspeksiyasi», «Ichki ishlar organlari boshliqlarining eng faol yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari», «Eng fidoyi sektor rahbari» kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘oliblar maxsus diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov so‘zga chiqdi.
G‘olib ABDUSALOMOV.