“Eng yaxshi loyihalar” Kattaqo‘rg‘on shahrida amalga oshirilmoqda

  1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ularning ijrosiga kirishilganmi?

Joriy yilda mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan Yermachit mahallasigi ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash uchun 388,9 million, O‘rikzor mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash uchun 177,5 million, Ko‘hnadam mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash uchun 400,7 million so‘m ajratildi.

Shuningdek, 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabga moslashtirildi. Bunda muassasani ta’mirlash va jihozlash uchun 2500 million so‘m sarflandi.

Bundan tashqari, 2500 million so‘m mablag‘ asosida 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi metematikani chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabiga moslashtirib ta’mirlandi va jihozlandi.

G‘aribmachit mahallasidagi 12-maktabgacha ta’lim tashkiloti rekonstruksiya qilindi. Ingichka qo‘rg‘onchasida yangi bolalar musiqa va san’at maktabi qurilyapti. Shuningdek, Yakkabog‘, G‘aribmachit, Navbahor kichik turdagi bozor infratuzilma ob’yektlari barpo etilyapti. Yo‘l-kommunikatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha Ingichka qo‘rg‘onidagi ichki yo‘llar va Ingichka-Kattaqo‘rg‘on shahar yo‘li joriy ta’mirlanmoqda.

Yermachit mahallasida 750 million so‘mlik yangi suv inshooti qurish, Qo‘shhovuz mahallasida mavjud suv qudug‘ini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

  1. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Saylov okrugimdagi 16 ta mahallada 10 ming 141 xonadon mavjud. Qariyb 44 ming 601 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Ular bilan uchrashuvlarda 69 ta murojaatlar ro‘yxatga olingan.

Murojaatlarning 24 tasi ish bilan ta’minlash, 14 tasi yo‘l qurish, 10 tasi uy-joy, 4 tasi suv, yana shuncha elektr energiyasi va tikuv mashinasi olib berish, 2 tasi oilaviy kelishmovchilik, 1 ta tug‘ilganlik to‘g‘risidagi ma’lumot olish, 3 ta aliment, 2 ta dori-darmon, 1 ta kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam berish to‘g‘risida bo‘lgan.

Murojaatlarning barchasi qonun doirasida qanoatlantirilmoqda.

Oxirgi marta O‘rikzor va Qo‘shhovuz mahallalarida shahar Kengashi deputatlari bilan hamkorlikda “Ayol – sabr va matonat timsoli” mavzusida davra suhbati uyushtirildi.

  1. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Joriy yilning o‘tgan davrida 12 ta deputatlik so‘rovi yuborganman. Oxirgi deputatlik so‘rovim ta’lim muassasalariga yuborilgan. U o‘quvchi-yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar va bu boradagi takliflar to‘g‘risida edi.

Avvalroq shahar “Suvoqova” korxonasiga Zarifobod mahallasida fuqarolar tomonidan bildirilgan kanalizatsiya o‘tkazish to‘g‘risidagi so‘rovnomani yuborganman. Bu ish 2021 yil dasturga kiritilganligi haqida javob oldim.

Zamira ISANOVA,

33-Saroy saylov okrugidan saylangan viloyat Kengashi deputati.