Eng yaxshi niyat

                        Vatan himoyachilari sharafiga bag‘ishlanadi

          “Vatan asli ostonadan -

Boshlanadi” deydilar.

Vatan nima?

U bir qo‘rg‘on -

Boshpanadir, deydilar.

 

Uning har bir xizmatiga

Shay turmoqlik - burchimiz.

Himoyaga berilgandir

Bilakdagi kuchimiz.

 

Siz dunyoga nazar tashlang

Nigohlari savollar.

Bunda qancha g‘alayonlar,

Qancha umri zavollar!

 

Odamlar bor hali bir bor -

Tinchlik ta’min totmagan.

Go‘dagini erkalatib,

Osoyishta yotmagan.

 

Ming bir xatar-xavotirda

O‘tib borar kunlari.

Es tanigan bolasining –

Quroldadir qo‘llari.

 

Ko‘rmoq emas, hatto xayol

Qilmoq qiyin bu holni -

Nogahonda yaprog‘iga

Qon sachragan niholni...

 

Ming shukurki, bizlar ozod,

Turmushimiz farovon.

Musaffodir osmonimiz,

Quyoshimiz charog‘on.

 

Bunda har kun to‘y-tantana,

O‘yin-kulgi, yallalar.

Farzandlarning kamolidan

Kalomlangan allalar.

 

Tinchliging o‘z qo‘lingdadir -

Humo qushday tarangan.

Dunyodagi bor ezgulik -

Inson uchun yaralgan!

 

“Olisdagi bug‘doylar”dan

Hatto hovuch to‘lolmas.

Ogoh bo‘lsak, hushyor tursak,

G‘alamislar yo‘lolmas.

 

Bizga butkul yot g‘oyalar -

Yotligicha qolgaydir.

Zoti ulug‘ inson asl -

Zotligicha qolgaydir.

 

Shu vatanning tinchligini,

Hurligini saqlaylik.

Mehr  –  fazilatlar ichra –

Durligini saqlaylik!

 

Tol xivichdan toy yasagan

Bolajonlar bor bo‘lsin!

Katta bo‘lsin va qalbida -

Vatan bo‘lsin, or bo‘lsin!

 

Duo qilsin otaxonlar,

Alqasin har onajon.

Ko‘z tegmasin.

Poydor bo‘lsin -

O‘zbekiston jonajon!

Orif TO‘XTASh.