Yer olib berish uchun 20 000 dollar talab qilgan shaxs ushlandi
Kosonsoyda yer olib berish uchun 20 000 AQSh dollari talab qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro O.R. boshqa fuqaroning ishonchiga kirib, Kosonsoy tumani, Yoshlik massividagi 0.50 ga. yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ishlab chiqarishda foydalanish uchun ajratib berish hamda kelgusida bino inshootlar qurishda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 20 000 AQSh dollari talab qilib, shundan, 15 000 AQSh dollari va 48 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.