Yer ostidan gaz tarmog‘iga ulanib olgan ohakchining siri fosh bo‘ldi

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan Narpay tumani “Muqumiy” mahallasida joylashgan A.Karimovga tegishli “KARIM QURILISH SAVDO” xususiy korxonasida tabiiy gazdan foydalanishi hamda to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi holati o‘rganildi.

Korxona texnik shartlarda ko‘rsatilgan “Muqumiy” mahallasida joylashgan sanoat gaz taqsimlash punkti orqali gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, korxona mansabdor shaxslari Vazirlar Mahkamasining 22-sonli Qarorining 2-ilovasi sifatida tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish Qoidalari”ning 125-bandiga zid ravishda foydalanib kelgan.

Ular “Oqtosh-1” gaz taqsimlash punktidan umumiy foydalanishdagi “Tinchlik” mahallasiga yo‘naltirilgan gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib olishgan. Noqonuniy tarmoqni yer ostiga yashirib, 3 ta ohak pishirish pechlarida 78 dona qo‘lbola usulda yasalgan gorelkalarda tabiiy gazdan foydalanib kelingan.

Oqibatda esa viloyat bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filialiga 110 mln. 448 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan “KARIM QURILISH SAVDO” xususiy korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1852-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosi

Samarqand viloyat boshqarmasi.